Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy Majlis deputati qarsakbozlikni yo‘qotish uchun nima qilish kerakligini aytdi

Oliy Majlis deputati qarsakbozlikni yo‘qotish uchun nima qilish kerakligini aytdi

Foto: parliament.cov.uz

O‘zbekiston milliy axborot agentligi — O‘zAning “Bir savolga bir javob” loyihasida mehmon bo‘lgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov qarsakbozlik haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan.

«Xalqimiz bag‘rikeng, ochiq chehrali, eng muhimi, yaxshilikni biluvchi va minnatdor qalb kechinmalarini ifoda etishni xush ko‘radi. Bugun o‘z davlat rahbaridan cheksiz hurmat ko‘rayotgan, rag‘batlantirilayotgan insonlar hissiyotlarini qay ko‘rinishda bo‘lsa ham bildirishni istaydi. Buning bir yo‘li – qarsak.

Ammo haddan ziyod qarsakbozlik doim qoralanadi. Shu nuqtai nazardan, rasmiy yig‘ilish, ommaviy yig‘in va madaniy tadbirlarda ortiqcha qarsakbozlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun ishtirokchilarning, tomoshabinlarning etik va estetik madaniyatini rivojlantirish maqsadga muvofiq», — deb aytgan Qodirov.

Deputatning qo‘shimcha qilishicha, tinglovchilik, muomala, muloqot, munosabat masalalariga bag‘ishlangan maxsus risola va qo‘llanmalar tayyorlash, ommaviy yig‘ilish, rasmiy yig‘in va madaniy tadbirlarni tashkil qilish, boshqarish, o‘tkazish, ishtirok etish madaniyati bo‘yicha maxsus yo‘riqnomalar ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish joiz.

Davlat rahbari tomonidan o‘tkaziladigan muhim yig‘inlar oldidan ishtirokchilar uchun qisqa fursatli tushuntirish ishlarini tashkil qilish lozim.

Alisher Qodirov.

Alisher Qodirov o‘z so‘zida aynan qaysi rasmiy tadbirlardagi qarsakbozlikni nazarda tutganini aytmagan. Ammo o‘tgan yilning 28 dekabrida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasi chog‘ida O‘zbekistondagi partiya yetakchilaridan birining qarsak chalgani aks etgan videolar tarqalgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring