Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy Majlis Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etiladi

Oliy Majlis Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etiladi

Foto: Xabar.uz

«Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish bo‘yicha Senat Kengashi qarori, Yoshlar parlamenti Nizomi va Yoshlar parlamentini tashkil etish hamda faoliyati samaradorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihalari ishlab chiqildi. Ayni paytda ular mahalliy Kengashlarda muhokama etilmoqda.

Ushbu loyihaga ko‘ra, Yoshlar parlamenti a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan tashabbuskor, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega 18 – 30 yosh bo‘lgan fuqarolar orasidan gender tenglik ta’minlangan va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni ham jalb qilgan holda jami 100 nafar etib shakllantiriladi.

Bunda xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga saylangan yoshlar vakillaridan har bir hududdan teng miqdorda 6 nafardan jami 84 nafar va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tavsiyasiga ko‘ra 10 nafar hamda Senatning Yoshlar madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tavsiyasiga binoan 6 nafar yoshlar Senat Kengashi qarori bilan Yoshlar parlamenti a’zoligiga tasdiqlanadi.

Yoshlar parlamentining raisi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar parlamentining yalpi majlisida a’zolar tomonidan saylanadi.

Yana bir jihat. Yoshlar parlamenti faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirib borishga Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi mas’ul hisoblanadi.

Yoshlar parlamenti tomonidan qabul qilingan hujjatlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi va hujjatlarni tayyorlash hamda rasmiylashtirish bilan Yoshlar parlamenti kotibi shug‘ullanadi. Yoshlar parlamenti kotibi Yoshlar parlamenti raisi tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan saylanadi.

– Yoshlar parlamentida quyidagi komissiyalar faoliyat olib boradi:

– Ilm-fan, madaniyat va turizm masalalari komissiyasi;

– Sport, sog‘lom turmush, ijtimoiy masalalar va ekologiya komissiyasi;

– Kompyuter texnologiyalari, innovatsion g‘oyalar, startaplar va agroklaster masalalari komissiyasi;

– Kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va qonunchilik masalalari komissiyasi;

– Bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari komissiyasi;

– Gender tenglik masalalari komissiyasi.

Yoshlar parlamenti a’zolari qonun loyihalari muhokamalarida ishtirok etadi. Belgilangan maqsad va vazifalari hamda yo‘nalishlaridan kelib chiqib konferensiya, davra suhbati, seminar, hududlardagi yoshlar bilan uchrashuv va boshqa tadbirlar tashkil qiladi.

Yoshlar parlamenti a’zolarining majlisi zaruratga qarab o‘tkaziladi, u Yoshlar parlamenti raisi tomonidan chaqiriladi.

Yoshlar parlamentining har bir a’zosi o‘zi istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarini o‘rganib, sabablarini aniqlab, uni yoshlar o‘rtasida muhokama qiladi.

Yoshlar parlamenti yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini ta’minlash, bo‘lg‘usi Senat a’zolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, yoshlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yo‘naltirib borish kabi vazifalarni bajaradi.

Yoshlar parlamenti Oliy Majlis Senati huzurida tashkil etiladigan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan jamoatchilik asosida tuziladigan maslahat organi hisoblanadi. Mamlakatimizdagi qonun chiqaruvchi va ijro organlari kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring