Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sud: Andijon va Farg‘onada o‘tkazilgan sayyor qabullarda 29 nafar shaxs muddatidan ilgari jazodan ozod etildi

Oliy sud: Andijon va Farg‘onada o‘tkazilgan sayyor qabullarda 29 nafar shaxs muddatidan ilgari jazodan ozod etildi

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov boshchiligida oliy mahkama sudyalari va viloyat sudlari raislaridan iborat guruh joriy yil 26-28-iyul kunlari Andijon va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni qabul qildi.

Oliy sud matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Andijon viloyatining Izboskan va Marhamat tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda jami 82 nafar fuqaro qabul qilinib, 55 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi, 12 nafar fuqaroning murojaati o‘rganib chiqish uchun qabul qilindi.

Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Buvayda tumanlarida o‘tkazilgan qabullarda jami 88 nafar fuqaroning murojaatlari o‘rganilib, 46 tasi yuzasidan huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, 4 ta murojaat joyida hal qilindi, 28 nafar fuqaroning nazorat tartibida shikoyati, 10 nafar fuqarolarning boshqa arizalari qabul qilindi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Sayyor qabullar doirasida Andijon viloyatida 13 nafar, Farg‘ona viloyatida 16 nafar ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni o‘tayotgan jami 29 nafar fuqaroga nisbatan ishlar sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilib, ular jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Shuningdek, Andijon viloyatida sayyor sud majlisida Jinoyat kodeksining 104-moddasining 2-qismi «ye» bandida ko‘rsatilgan, bezorilik natijasida jabrlanuvchining badaniga qasddan og‘ir shikast yetkazish jinoyatni sodir etganlikda ayblangan Sh.M.ning pushaymonligi hamda mahalla kafilligi hisobga olinib, unga qonun sanksiyasidagi ozodlikdan mahrum qilish jazosi emas, balki axloq tuzatish ishi jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari sayyor qabul davomida turli sabablarga ko‘ra ayro yashayotgan 45 nafardan ziyod er-xotin (ularni oila a’zolari bilan ham) suhbat o‘tkazilib, 13 oila tiklandi. Yarashgan er-xotinlarga mashhur adib Tohir Malikning oilaga bag‘ishlangan kitoblari tuhfa qilindi.

Qayd etish kerakki, Toshkentdan borgan mutasaddilar qabullarni o‘tkazib, shartta orqaga qaytishgani yo‘q. E’tibor va madadga muhtoj xonadonlar holidan xabar olishga vaqt topishgani  ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Ular Farg‘ona viloyatidagi qator mahalla fuqarolari yig‘inlariga tashrif buyurib, mahalla kutubxonalariga kitoblar sovg‘a qilishdi. Shuningdek, Oltiariq va Buvayda tumanlarida bir emas, bir necha nafar nogiron farzandi bor oilalar holidan xabar olinib, ularga ma’naviy va moddiy ko‘mak berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring