Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘n dollarlik odam...

O‘n dollarlik odam...

Foto: «The Motley Fool»

Fazliddin aka bilan ancha yildan buyon qadrdonmiz. O‘zini ba’zan «nemistabiatroq» tutsa-da, juda ko‘ngilchan, oriyatli odam. Shu o‘rinda izoh bersam, bizda «nemistabiat» deganda haqini bermaydigan, birovning haqqiniyam yemaydigan odam tushuniladi. U dunyoning qator davlatlarida bo‘lgan. To‘rt-beshta tilni yaxshi o‘zlashtirgan.

U Janubiy Koreyada va o‘zimizda aynan bitta holatga guvoh bo‘lganini aytib berdi. Ammo manzara ikki xil.

«Biror joyda yozmang, istihola qilaman», — dedi. Nazarimda, andisha qilishga hojat yo‘qdek. Qolaversa, bu voqea millat tarbiyasiga ta’sir etadigan, qon-qonimizga singib ketgan, biz uchun oddiy bo‘lib ko‘ringan, ammo xunuk vaziyat haqida. Uning aytganlarini deyarli o‘zgartirishsiz qog‘ozga tushirdim.

«2016-yil, Janubiy Koreyadaman. Yurtdoshimiz bo‘lgan bir ayol bankdan pullarini yechib olib, ehtiyotsizligi tufayli hamyonini yo‘qotib qo‘ydi. Uning ichida qariyb 5000 AQSh dollari, shaxsini tasdiqlovchi kartasi (ID) ham bor edi.

Ayol bu haqda politsiyaga xabar berdi. Omadsizligidan xafa bo‘lib, ancha aziyat chekdi. Chunki o‘sha pulni orttirish uchun deyarli yarim yil mehnat qilgandi. Ammo bir necha kun o‘tsa ham politsiyadan xabar bo‘lmagach, hamyonidan umidini uzdi.

Ayol noiloj hujjatlarini qayta rasmiylashtirish uchun maxsus idoraga bordi. Shundan so‘ng yana bir haftacha vaqt o‘tdi. Kutilmaganda unga qo‘ng‘iroq qilishib, politsiya bo‘limiga kelishini iltimos qilishdi. Tashkilotga ming umid bilan borgan vatandoshimiz haqiqatan ham juda xursand bo‘ldi. Chunki hamyoni bilan birga, bir tiyiniga ham teginilmagan puli, ID kartasi topilgandi.

Qizig‘i, u hamyonini ochganda ichidan bir xat chiqadi va unda shunday so‘zlar yozilgan edi (xatning mazmunini keltiraman): «Hurmatli mehmon, mamlakatimizga xush kelibsan! Men hamyoningni topib oldim va uni politsiyaga topshirayapman. Bilaman, sen bu pulni ko‘p mehnat qilib topgansan va o‘z oilangga, bolalaringga jo‘natishni niyat qilgansan. Bu pullarni yo‘qotib qo‘yganing uchun juda ham achinayotgandirsan. Buni bilaman, ota-onam menga shunday deyishdi. Sen bizning mamlakatimiz va odamlarimiz haqida yomon fikrda bo‘lishingni istamayman. Mening o‘rnimda boshqa vatandoshim bo‘lganida ham albatta bu ishni qilgan bo‘lardi. Men ham shunday qildim. Sen pulni oilangga, farzandlaringga jo‘nat. Ularni xursand qil».

Ma’lum bo‘lishicha, hamyonni 5-sinf o‘quvchisi topib olgan va uni onasi bilan kelib, politsiyaga topshirib ketgan ekan. Ayol esa bolaga qo‘ng‘iroq qilib berishlarini so‘raydi. Telefonda unga katta rahmat aytib, suyunchi puli bermoqchiligini tushuntiradi. Ammo bolakay bu uning uchun uyat ekanligini, yaxshisi, pulni oilasiga jo‘natib, ularni xursand qilishi kerakligini yana takrorlaydi.

Boshqa voqea.

«Kun bo‘yi ko‘chadagi ishlarim bilan bo‘lib, ancha toliqdim. Iftorlikka bir necha daqiqa qolganda uyga shoshdim, – deydi tanishim. – Kelsam, hovlimiz yonida qo‘shni ayollar to‘planib turgan ekan. Ayolim ham o‘sha yerda, telefonda gaplashayapti. Menga iftorlik tayyorlamasdan bu yerda turgani nimasi?

Qarasam, koreys qo‘shnimiz Orzu ham shu yerda. Jussasi kichik bo‘lgani uchun ko‘pchilik orasida ko‘rinmay qolibdi (koreyalik qo‘shnimiz ikki yildan buyon Samarqandda oilasi bilan yashaydi. Uning koreyscha ismini hech kim ayta olmagani uchun Orzu deb ot qo‘yib olishgan). Ayolim meni ko‘rdi-yu, telefonni uzatdi. «Tez gaplashing, Orzu akaning narsalari taksida yo‘qolibdi», — dedi.

Telefonni olib, salom-alik qildim. Tushunganim, koreys qo‘shnimiz bozordan qaytishda taksiga mingan. Manzilga kelib tushganda esa boshqa narsalarini olganu hujjatlari, chiptasi va koreys pasporti solingan sumkasini unutgan. Uni yuki bilan shu atrofga tushirgan taksichi izlab kelib, topolmagach, uyimiz yaqinidagi oshxona egasiga uchragan. U ta’riflagan odam bizning domimizda yashashini bilgach, birinchi qavatdagi qo‘shnimizga telefon raqamini qoldirib ketibdi.

– Shuncha ovora bo‘ldim, biror narsa berarmikan? – dedi u gap orasida.

– Aka, o‘zi bir musofir bo‘lsa, nima qilasiz undan umidvor bo‘lib? – deb yuboribman. – O‘zbekchani ancha tushunib qolgan Orzu o‘z tilida menga «Suyunchi beradi deb ayt» dedi.

Taksichi bilan aytilgan manzilda ko‘rishishga kelishib, aloqani uzdim. Og‘rindim. Bechora koreys qo‘shnimning ikki ko‘zi menda. «Hozir men iftorlik qilib tushaman, ungacha sen ham ovqatlanib ol», — dedimu uyga kirdim. Aytilgan manzilga borarkanmiz, Orzu: «Ellik ming bersam bo‘ladimi?», — dedi. Nima deyishni bilmayman. «Shoshilma, balki pul olmas», — deb yuzimni undan o‘girdim.

Xullas, aytilgan manzilda uchrashdik. Taksichi yoshi oltmishlardan oshib qolgan odam ekan. Nevarasi ham yonida. Ko‘rishdik. O‘zi ham bir paytlar Sankt-Peterburgda pasportini yo‘qotib, rosa ovora bo‘lganini, elchixona orqali kelib, hujjatlarini qayta to‘g‘rilab ketganini aytdi. Men tarjima qilib turdim. Kulishdik.

«Qancha berarkan, tarjima qil», — dedi u. Ming istihola bilan tarjima qildim. «O‘n dollar beraman», — dedi Orzu. «Yo‘q, – dedi taksichi, – 20 dollar bersa, narsalarini qaytaraman». «E, bu nima deganingiz? Suyunchigayam savdolashadimi odam?», — dedim. Bizni olib borgan haydovchi yigit ham tomog‘ini qirib qo‘ydi. Uyaldim, asabiylashdim.

Shu payt Orzu cho‘ntagidan bor pulini chiqardi. Bitta 10 dollarlik va ikkita o‘n ming so‘mlikni ko‘rsatib, «Hamma pulim – shu», — dedi. Taksichi Orzuning qo‘liga yopishdi, mashina chirog‘i yorug‘ida 10 dollarlik va qolgan pullarni mehmonning qo‘lidan tortib oldi. Ha, ha, aynan tortib oldi! «Mana sumkasi, tekshirib olsin, – dedi u orqa o‘rindiqdan sumkani olib. Yaxshiyam topildi, bo‘lmasa rosa ovora bo‘lardi...», — deb qo‘shimcha qildi.

Yo‘lda qaytarkanmiz, Orzuga: «Xafa bo‘lmadingmi?», — dedim. «Yo‘q, – dedi u kulib, – xursandman, xursandman! Sen ham siqilma. Sumkamning ichida pul bo‘lganda balki topa olmasdik», — dedi».

Fazliddin aka bu gaplarni yodga olarkan, yana asabiylashdi. Uning xatti-harakatiga e’tiroz qildim: «O‘sha taksichiga suyunchi pulini o‘zingiz bersangiz ham bo‘lardi-ku. Orzu buni bilmasa, yana ham yaxshiydi. Taksichi millat, vatan sha’nini yerga urishiga bekor yo‘l qo‘yibsiz», — dedim.

Bu fikr u kishining ham xayoliga kelganini tan oldi. Ammo koreys millati birovga yuk bo‘lishni istamaydi deb inkor qildi. «Men uni ranjitib qo‘yishim, nafsoniyatiga tegishim mumkin edi», — dedi. Menga Fazliddin akaning bu harakati o‘sha «nemistabiat»ligini eslatdi.

Janubiy Koreyada hamyonini yo‘qotgan ayoldan suyunchi olmagan bolakayni esladim. Ota-onasining ibrati bu yerda juda muhim rol o‘ynagani sir emas. Balki aynan mana shunday oddiy narsalardan millat qiyofasi shakllanar. Ishonch bilan aytish mumkinki, o‘sha paytda koreys xonadoniga kirmagan 5000 dollar farzandining kelajagini, u bosib o‘tajak yo‘lni belgilab berishi shubhasiz. Birovning haqiga xiyonat qilmaslik, xolis va halol xizmat bolakayning ongida bir umrga muhr­landi.

Eng yomoni, taksichining ham nabirasi bo‘layotgan hamma voqeani kuzatib turgandi...

Kichik guvohlarga yaxshi narsalarni ko‘rsataylik...

Isomiddin Po‘latov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring