Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Onkologiya xavfini kamaytirishning 9 qoidasi

Onkologiya xavfini kamaytirishning 9 qoidasi

Foto: «AIF»

«AIF»ning yozishicha, ko‘pchilik saraton kasalliklaridan xavotir oladi. Unga duchor bo‘lmaslikning turli yo‘llarini axtaradi.

Tuzni me’yorda iste’mol qiling

O‘zi saraton xavfini, haqiqatan, kamaytirishga yordam beradigan usullar bormi? Albatta, bunday chora-tadbirlar mavjud. Mana, masalan, Saratonni tadqiq etish xalqaro jamg‘armasi saraton xavfini kamaytirishga yordam beradigan 9 ta qoidani taklif etadi. Shunga qaramay, ko‘pchilik mazkur kasallikka qarshi yagona mo‘’jizakor usul yoki vositani izlab topishga urinadi. Shunchaki muammoni to‘g‘ri baholash va saratonning turli qiyofalarga ega ekanligini hamda unga qarshi universal vosita yo‘qligini anglab yetish darkor.

Hozirgi kunda xavfli o‘smalarni keltirib chiqaruvchi qariyb 200 ga yaqin omil aniqlangan. Ular orasida birinchi o‘rinda noto‘g‘ri ovqatlanish turadi. Saraton turlarining qariyb uchdan bir qismi, aniqrog‘i, 35%i aynan shu omil bilan bog‘liq. Ikkinchi o‘rinda – chekish turadi. U xavfli o‘smalarning 30%iga sababchi. Bir qarashda, to‘g‘ri ovqatlanish va chekishni tashlash orqali saraton xavfini ancha-munchaga kamaytirish mumkin. Biroq ko‘pchilik uchun o‘z salomatligi yo‘lida bu kabi qurbonliklarni keltirish ancha mushkul. Har safar ovqatlangandan so‘ng desertga shirinlik iste’mol qilmaslikni tasavvuriga sig‘dira olishmaydi, mo‘l-ko‘l ko‘kat va sabzavotlarni yeyish – bemaza, ustiga-ustak, chekishni tashlash katta muammo. Chindan ham yordam beradigan bu kabi oddiy qoidalarga amal qilmaslik uchun ming bir bahonalarni o‘ylab topishadi. Axir olimlar allaqachon murakkab mexanizmlarning tagiga yetishgan: qand saraton rivojlanishiga olib keladi, ko‘kat va sabzavotlar esa bunga to‘sqinlik qiladi.

Ko‘pchilik tayyor taomga tuz sepmasdan turolmaydi. Quyidagi ma’lumotlar ularga taalluqli: birgina tuz iste’molini kamaytirish va kuniga 6 grammdan ortiq tuz iste’mol qilmaslik oshqozon saratonining yetti holatidan birini bartaraf etishga qodir. Bu Saratonni tadqiq etish xalqaro jamg‘armasining ma’lumotlaridir. Yana, bu o‘pka, oshqozon, miya saratoni holatlarini qisqartiradi. Ko‘p odamlarni dahshatga soluvchi miya saratoni aynan sho‘r taomlar tanovul qilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu bir qancha tadqiqotlarda aniqlangan. Sarg‘ish-qizg‘ish sabzavotlar, yangi baliq va don-dunlar ushbu o‘sma xavfini kamaytiradi.

Erkak va ayollar

Saratonning ba’zi bir turlaridan saqlanish imkoniyatini beradigan antiqa usullar bor. Mana, masalan, balog‘at yoshida qizlarga ko‘proq karam yeyish tavsiya etiladi: shunda ularda ko‘krak saratoni kuzatilmaydi. 12-13 yoshlarda ularda jinsiy yetilish yuz beradi va ko‘kragi shakllanadi. Karam tarkibida esa jinsiy gormonlar ishini dasturlaydigan modda bor. Natijada sut bezi saratoni rivojlanishi kamayadi. Ushbu saraton jinsiy gormonlarga bog‘liq. Biroq karam butun umr davomida foydali mahsulot sanaladi. Karamni tayyorlaganingizda va maydalaganingizda unda indol va izotiotsianatlar – saratonga qarshi kuchli vositalar hosil bo‘ladi. Ustiga-ustak, nafaqat oddiy karam, balki uning krestgulli oilalar bo‘yicha qarindoshlari – rediska, sholg‘om, turp ham foydali. Ular nafaqat ko‘krak saratoni, balki gormonga qaram barcha o‘smalardan himoya qiladi. Erkaklarda prostata saratoni, ayollarda esa bachadon va tuxumdonlar saratoni.

Bachadon bo‘yni saratoni esa boshqa tabiatga ega – uni ayrim odam papilloma viruslari chaqiradi. Hozir unga qarshi ishonchli profilaktika mavjud – vaksina. Emlashni, yaxshisi, o‘smir qizlardan boshlash kerak. Negaki bu yoshda ularda hali ushbu virus bo‘lmaydi. Vaksinatsiya sharofati bilan bu turdagi saratonning tarqalishi keskin kamaygan. Yaqinda AQShda aniqlanishicha, emlash erkaklarda tomoq saratonidan ham himoya qilar ekan – u yerda kasallikning mazkur turi kamaygani qayd etilgan. Qiziq, saratonning bu turlari bir-biriga qanday bog‘liq? Tomoq saratonini ham odam papilloma virusi chaqiradi.

Saratonga moyillik, kichik yoshlarda ham kuzatilishi alohida mavzu. Yaqin qarindoshlarida 45 – 50 yoshgacha saraton kasalligi aniqlanganda shunday holat kuzatiladi. Ular qarindoshlarida qayd etilgan muayyan turdagi saratonning oldini olishga yordam beradigan 9 ta mezonga qo‘shimcha ravishda alohida qoidalarga amal qilishlari zarur. Lekin bu boshqa masala.

Saratonga qarshi 9 qoida

  1. Vaznni me’yorda saqlang. Ortiqcha vazn ichak, sut bezi, jigar, prostata bezi saratonlarini chaqiradi.
  2. Jismoniy faollik muhim. Har kuni kamida yarim soat piyoda yuring yoki badantarbiya bilan shug‘ullaning.
  3. Yuqori kaloriyali mahsulotlarni yemaslikka harakat qiling. Ular tarkibida shakar va/yoki yog‘lar mavjud. Yaxshisi, 100 g mahsulot 125 kkal.dan ortiq bo‘lmagani ma’qul.
  4. Ko‘kat, meva-sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qiling. Kunlik minimal miqdor – 400 g meva-sabzavot (kartoshka emas).
  5. Qizil go‘sht iste’molini kamaytiring. Yaxshisi, haftasiga 300 – 500 grammgacha qisqartiring.
  6. Alkogol qabulini cheklang.
  7. Tuz iste’molini kamaytiring. Kuniga 6 grammdan ko‘pi zarar.
  8. Saraton profilaktikasida BAD qabul qilish kerak emas.
  9. Ayollar go‘daklarini emizishdan bosh tortmasligi lozim. Yaxshisi, kamida 6 oy davomida bolani emizish darkor.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring