Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Opaning qarzi uchun singilning uyi ketdi

Opaning qarzi uchun singilning uyi ketdi

O‘zganing boshiga tushgan savdoni gapirish noqulay. Ommaviy axborot vositasi orqali aytish-ku, inchunin. Biroq har bir ishda hikmat bo‘lganidek, birovning bilib-bilmay qilgan xatosi boshqaga saboq bo‘lishi mumkin.

Xullas, voqelik shunday: Zulayho Hoshimova (ism-shariflar o‘zgartirildi) «Qishloqqurilishbank»ning Qo‘qon filialidan katta miqdorda qarz ko‘tardi. Bank shunchaki pul beradigan muassasa emas. Kredit ta’minoti uchun garovga mulk ko‘rinishidagi narsa qo‘yilmasa, bir chaqa bermaydi. Z. Hoshimova garov uchun singlisiga M. Hoshimovaga tegishli (uning roziligi bilan, albatta) Furqat tumanida namunaviy loyiha asosida qurilgan hovli-joyni qo‘ydi.

Baxtga qarshi, kreditni qaytarishda muammoga uchragan ayol bankdan qarzdor bo‘lib qoldi. Qarz miqdori kichkina emas: 109 mln. 315,1 ming so‘m!

Hisob-kitob va aniq muddatga o‘ta qattiq turadigan bank qarzdorning nolalariga qarab o‘tiradi deysizmi? Shartta fuqarolik sudiga berdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudi bir deganda da’voni qanoatlantirdi.

Hal qiluv qarori kuchga kirgani hamono uning ijrosi MIB (majburiy ijro byurosi)ning Furqat tumaniga yuklatildi.

Davlat ijrochisi tegishli harakatlarni olib borilib, garovga qo‘yilgan uy-joy elektron-onlayn aksion savdosiga chiqarildi.

Xaridor ham o‘zini ko‘p kuttirgani yo‘q. Sanoqli oyda uy-joy sotildi. Tushgan pulning ma’lum qismi qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirildi.

Bunday ijro hujjatlarini amalga oshirish ma’nan qiyin. Ijrochilar ham odam: uy-joyida mosuvo bo‘layotgan qarzdorning ko‘z yoshlari ezib yuboradi, rosti! Biroq, ijrochi o‘z nomi bilan ijrochi-da — sud qarorini muhokama etish vakolati yo‘q unda. Vazifasi — cheki tushgan sud qarori ijrosini ta’minlash, xolos. Qolaversa, qonunning qattiq talabi ko‘zyoshni ham, ko‘ngilbo‘shlikni ham tan olmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring