Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘qituvchi huquqini kim himoya qiladi?

O‘qituvchi huquqini kim himoya qiladi?

Qaysi sohada faoliyat yuritishimiz, qanday kasb egasi ekanimizdan qat’iy nazar, har birimiz iste’molchimiz va bu borada o‘z huquqimizni himoya qilishga mudom ehtiyoj sezamiz. Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoyalashga qaratilgan qonunchilik tizimi yaratilgan. Biroq, har qanday qonun normasi unga murojaat qilingandagina ishlaydi. Ya’ni manfaatdor shaxs – iste’molchining faolligi bo‘lmasa, muammo o‘z-o‘zidan barham topmaydi.

«Urganch tumanining «Yuqoribog‘» qishlog‘i, «Qipchoq» mahallasida istiqomat qilaman. Kasbim o‘qituvchi, tumandagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishlayman, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati a’zosiman.

2017-yil 8-fevralda «Damas» avtomashinasini sotib olish uchun Toshkent shahridagi «Jahona Cars» MChJ bilan shartnoma tuzib, uning hisob raqamiga 35 mln. so‘m to‘lagandim. «Jahona Cars» MChJ tomonidan shartnoma shartlari bajarilmay, menga avtomashina belgilangan muddatda yetkazib berilmadi. Buning ustiga to‘lagan pulimni ham qaytarishni paysalga solib, rosa sarson qilishdi. Bundan norozi bo‘lib MChJ va boshqa tashkilotlarga yozgan ariza va shikoyatlarim hech qanday natija bermadi.

2018-yil 6-aprelda Urganch tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga «Jahona Cars» MChJga to‘lagan pulimni qaytarib olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Murojaatimga asosan tuman jamiyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga ariza kiritdi. 2018-yil 5-iyulda sud 35 mln. so‘m va bank foizi asosida ko‘rgan 6 mln. 510 ming 958 so‘m zararim, jami 41 mln. 510 ming 958 so‘mni «Jahona Cars» MChJdan undirish bo‘yicha hal qiluv qarori chiqardi.

Qisqa vaqt ichida huquq va qonuniy manfaatlarimni tiklab bergan Urganch tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi rahbar-xodimlariga minnatdorlik bildiraman.

Hurmat bilan, Dilshodbek Qozoqov».

Ushbu tashakkurnoma iste’molchining ana shunday faolligiga bir misol. Qolaversa, uni Federatsiya va uning hududiy tuzilmalarining iste’molchilar qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatiga berilgan xolis baho, deyish mumkin.

Ertangi kunimiz – o‘sib kelayotgan yosh avlod ta’lim-tarbiyasi o‘qituvchi va murabbiylar zimmasida ekan, ularning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish, muammolariga yechim topish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu borada keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Mazkur jarayonda o‘qituvchilarning iste’molchi sifatidagi muammolarini hal etishga ham alohida e’tibor qaratilishi zarur. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bu borada bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

2018-yilning 9 oyi davomida iste’molchilardan Federatsiya va uning hududiy organlariga 9 865 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning asosiy qismi ijobiy yechimini topgan. Buning natijasida iste’molchilarning qariyb 5 milliard 467 million 684 ming so‘mlik qonuniy haqlari tiklab berilgan. Ular orasida sharafli kasb egalari – o‘qituvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Joriy yilning 9 oyi davomida federatsiya tomonidan o‘qituvchilarning 466 million 776 ming so‘mlikdan oshiq qonuniy haqlari tiklab berilgani ham so‘zimiz isboti bo‘la oladi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring