Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qituvchilar toifasini belgilash tartibi qayta ko‘rib chiqiladi

O‘qituvchilar toifasini belgilash tartibi qayta ko‘rib chiqiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani xabar qilingandi.

Yig‘ilishda pedagog kadrlar malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda pedagoglar har 5 yilda, rahbar kadrlar esa har 3 yilda malaka oshirmoqda. Lekin bu to‘la qamrov uchun yetarli emas. Joriy yilda Sirdaryo viloyatida 11 ming nafar maktab o‘qituvchilarining barchasi sinov tariqasida masofaviy malaka oshirish kurslari bilan qamrab olinmoqda.

Kelgusi yili Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida malaka oshirish bo‘yicha masofadan o‘qitish tashkil etiladi. Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagog kadrlar malakasini oshirishda respublikada yetakchi oliygoh etib belgilanadi. Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti esa ta’lim muammolarini chuqur o‘rganadigan ilmiy-tadqiqot dargohi bo‘ladi.

O‘qituvchilar toifasini belgilash tartibini ham tubdan qayta ko‘rib chiqish lozimligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan 490 mingdan ziyod pedagoglarning 4 foizi oliy, 15 foizi birinchi toifaga ega. 4 bosqichdan iborat amaldagi attestatsiya tizimida qog‘ozbozlik hanuzgacha saqlanib qolgan.

Shu bois mutasaddilarga toifa berish tartibini soddalashtirish, pedagoglar bilimini yil davomida baholash imkonini beruvchi 2 bosqichli tizimga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yana bir muammo – ta’lim sifati pastligi, moddiy-texnika bazasi yetarli bo‘lmagani sababli ayrim maktablar to‘liq quvvatda ishlamayapti. Masalan, Toshkent shahridagi 32 ta maktabda o‘quvchilarni qamrab olish darajasi past.

Mamlakatimizda xususiy ta’lim muassasalariga keng sharoit yaratilayotgani bois kelgusi yildan eksperiment tariqasida kam quvvatda ishlayotgan maktablarni tanlov asosida salohiyatli talabgorlarga ishonchli boshqaruvga berish taklifi bildirildi.

Maktablarda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Endi maktab direktorlarini lavozimga tayinlash bevosita mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda, tanlov asosida amalga oshiriladi. Har bir nomzod maktabning ko‘rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha o‘z dasturi bilan tanlovda ishtirok etadi va har yili kengashlar oldida hisobot beradi.

Bundan asosiy maqsad – maktablarning samarali faoliyatini tashkil etish, direktorlar ishiga noqonuniy aralashuvlar va kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish.

Maktablar bilim bilan birga tarbiya, ma’naviyat maskani hamdir. Davlatimiz rahbari bu ishlarga hududlarda yashab, ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarni keng jalb qilish, maktablarning direktor jamg‘armasidan va mahalliy budjet mablag‘laridan ularga oylik maosh to‘lash lozimligini ta’kidladi.

Oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va qamrovni oshirish, har bir hududda kamida bittadan nodavlat oliy bilim yurti tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

– Bugun ko‘rib chiqilgan masalalar hammadan, maktab direktoridan boshlab Bosh vazirgacha bo‘lgan barcha bo‘g‘indagi rahbarlardan yuksak mas’uliyat va yuqori darajadagi javobgarlikni talab qiladi. Bu – yillar davomida ko‘rinmaydigan, ammo natijasi yaqin 10-15 yilda butun mamlakat qiyofasini tubdan o‘zgartirishga asos bo‘ladigan qudratli manba, – dedi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Parlament vakillari, shuningdek, joylardagi mahalliy kengash deputatlaridan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarni xalqimizga yetkazib, daxldorlik hissini oshirish, farmon qabul qilingach, ijrosini nazoratga olish, o‘z tajribalari bilan amaliy yordam berish so‘raldi.

Yig‘ilishida hokimlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, maktab direktorlari, pedagoglar ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga oid fikr-mulohazalarini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring