Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oqtepa lavash»dagi suvarak mojarosi: aslida nima bo‘lgan edi? (video)

«Oqtepa lavash»dagi suvarak mojarosi: aslida nima bo‘lgan edi? (video)

«Bitta lavash bering, qaytimi kerakmas».

Foto: «Suvarak» multfilmidan lavha

Ma’lumki, «Oqtepa lavash» fast-fud tarmog‘i poytaxtda keng tarqalish bilan birga viloyatlarda ham o‘z shoxobchalarini ochgan. Hamisha gavjum bo‘ladigan «Oqtepa lavash» yillar davomida o‘z mijozlari sonini muntazam oshirib keldi. Ammo...

Internetni yashin tezligida «aylanib chiqqan» suvaraklar lavhasi har qanday mijozni o‘yga toldirishi tabiiy. Ayniqsa, nafaqat devorlarda, balki bevosita yeguliklarning ustida yurgan suvaraklar ko‘pchilikning bu mahsulotlarga bo‘lgan shubhasini yanada kuchaytirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda har doimgidek g‘ujg‘on o‘ynayotgan fikrlar xilma-xil va mutlaq ko‘pchilik bu holatni qoralagan.

Biz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida «Oqtepa lavash»ning ochiq manbalardagi bog‘lanish raqami bo‘lgan 273-20-44 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildik. Rahbarlardan kimnidir chaqirib berishlarini so‘raganimizda bir yigit o‘zini ish boshqaruvchi deb tanishtirdi va harchand iltimos qilmaylik, ism-sharifini ochiqlamadi. Nachora, suhbatlashaverdik.

— Bu holat qaysi shoxobchada yuz bergan?

— Oqtepa maydonidagi shoxobchamizda.

— O‘zi umuman respublika bo‘yicha nechta shoxobchangiz bor?

— Bu savolingizga javob bera olmayman.

— Suvaraklarning bu qadar ko‘payib ketishiga nima sabab deb o‘ylaysiz?

— Bir necha sabablar bor. Avvalo biz tagida faoliyat yuritayotgan uy ancha eski, suvaraklar bo‘lishi tabiiy. Ob-havoning sovib ketishi natijasida hasharotlar ham o‘zlariga issiq joy izlagan. Eng asosiy sabab yuqoridagi qo‘shnilardan biri uyini dezinfeksiya qildirgani natijasida hamma suvaraklar qochib pastga tushishgan.

— Bu holatni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rildi?

— O‘zi 15 yanvar kuni shoxobcha to‘la dezinfeksiya qilingandi. Bu holatdan keyin qo‘shnilar bilan kelishib, butun uy qayta dezinfeksiyalandi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan birinchi videolavhadan keyin ikkinchisi ham e’lon qilindi. Unda barcha xodimlar shoxobcha yonida saf tortib turishibdi.

— Ha, shunday bo‘ldi. Bunga ikki sabab bor: avvalo mijozlarimizdan shu tarzda uzr so‘rayapmiz, ikkinchidan, hamma xodimlar bilan bunday holat qayta yuz bermasligi uchun qattiq tushuntirish ishlari olib borildi.

«Oqtepa lavash»dagi holat har qanday fast-fud tarmog‘ida yuz berishi mumkin. Demak, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati bu masalaga jiddiy qarashi shart. Biz mavzuni o‘rganishda davom etamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring