Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Orolning sho‘r suvini chuchuklashtirish mumkinmi?

Orolning sho‘r suvini chuchuklashtirish mumkinmi?

Fotokollaj: «vmireinteresnogo.com»

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Orol dengizi muammolari bo‘yicha Xalqaro forumda sho‘r suvlarni chuchuklashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Innovatsiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ozarbayjon, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekistondan 100 dan oshiq delegat, jumladan siyosatchilar, xalqaro va hududiy tashkilotlar vakillari, olimlar 2018-yilning 16-18-oktyabr kunlari Orol dengizi havzasida mustahkam boshqaruv va ijtimoiy barqarorlikka erishish uchun innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish uchun Samarqandga yig‘iladilar.

Orol dengizining qurib qolgani jahondagi eng xavfli ekologik fojialardan biri hisoblanadi. Uning oqibatlari atrof-muhit darajasidan-da tashqariga chiqqan, uning ta’siri mazkur hududda va uning atrofida yashovchi millionlab odamlarning hayotiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Odamlar tuz va chang bo‘ronlaridan aziyat chekmoqdalar, biologik unumdorlik va bio xilma-xillik pasaymoqda, ekotizim holati, suv ta’minoti yomonlashmoqda, odamlarning salomatligi sog‘lig‘i xatar ostida, iqlim o‘zgarganligi sababli iqtisodiy jihatdan yo‘qotishlar kuzatilmoqda.

Markaziy Osiyodagi mazkur muammo bugunga kunga kelib xalqaro mavqeda hal etilishi lozim bo‘lgan masalaga aylandi, buning uchun fojia oqibatlarini yumshatish hamda Orol dengizi havzasining barqaror rivojlanishini ta’minlash zarurati tug‘ildi.

Orol dengizi muammosidan aziyat chekkan davlatlardan biri O‘zbekiston ekanligini e’tiborga olgan holda, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion usullar yordamida mahalliy va xalqaro mutaxassislarni jalb etib, mazkur dolzarb muammoni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shu munosabat bilan ham O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sho‘rxok tuproqli hududlardagi qishloq xo‘jaligi xalqaro markazi (ICBA), Samarqand Davlat universiteti tomonidan «Orol dengizi havzasida mustahkam boshqaruv va ijtimoiy barqarorlikka erishish uchun innovatsion yondashuvlar» Xalqaro forumi tashkil etildi.

Uch kun davomida bo‘lib o‘tadigan tadbir Islom taraqqiyot banki (ITB), Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Qurg‘oq yerlarda tadqiqotlar va ta’lim xalqaro platformasi (IPDRE), AQShning Xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentligi (USAID), BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan moliyalashtiriladi.

Forum ishtirokchilari hududda yashovchi aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv resurslarini muhofaza qilish, aholi daromadini oshirish maqsadida innovatsion g‘oyalar, ilmiy izlanishlar, yangi texnologiyalar va siyosiy choralarni tatbiq etish bo‘yicha fikr almashadilar, tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar.

Ular, shuningdek, suv resurslarini kompleks boshqarish, suv resurslari haqidagi ma’lumotlar bilan almashinish, suv va tuproqni sho‘rsizlantirish va tozalash bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqadilar, bunda mahalliy aholining qurg‘oq yerlarda suv resurslarini boshqaruvi bo‘yicha tajribalari va ehtiyojlari e’tiborga olinishi nazarda tutilgan.

ICBA bosh direktori, doktor Ismaxan Eluafining fikricha, orol dengizi hududida istiqomat qiluvchi aholi suv tanqisligidan aziyat chekayotgan ekan, jumladan, ichishga va qishloq xo‘jaligi ishlarini yuritishda muammolarga duch kelayotgan ekan, suv resurslaridan foydalanishning noan’anaviy usullaridan, ya’niki sho‘rlangan suvni chuchuklashtirish usullaridan foydalanish potensialiga e’tibor qaratish zarur.

Noan’anaviy suv resurslaridan foydalanish uchun strategik investitsiyalar qilinishi ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan foyda keltirishi aniq. Buning natijasida aholining oziq-ovqat bilan ta’minlanish darajasi yaxshilanadi, suv tejaladi, odamlarning daromadi oshadi, shu bilan bir qatorda ekotizimga zarar yetkazilmaydi.

Ismaxan Eluafi

Forum bilan bir paytning o‘zida «Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishidan kelib chiqib qishloq xo‘jalik ekinlarini diversifikatsiyalash va modellashtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash» deb nomlangan o‘quv kurslari ham tashkil etiladi. O‘quv mashg‘ulotlari ICBA tomonidan Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston olimlari va mutaxassislari uchun o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring