Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘rtakashning nayrangi

O‘rtakashning nayrangi

Juda ko‘p to‘ylarda bo‘laman. To‘ylarning fayzli, xushkayfiyatda o‘tishi asosan o‘rtakashning mahoratiga, so‘z boyligiga va albatta ziyrakligiga bog‘liq. Ba’zan to‘ylarda shunday o‘rtakashlarga duch kelamiz, ular hazil-huzul qilaman deb maza-bemaza so‘zlarni ishlatib, bachkanalikka yo‘l qo‘yganlaridan to‘yning fayz-tarovatiga putur yetkazib qo‘yishadi. Men doimo o‘zimga o‘zim «Xudo xohlasa o‘g‘limni uylantirsam, tajribali, yaxshi bir o‘rtakashni taklif qilaman» degan niyatni dilimga tugib yurardim. Afsuski, to‘yimga chaqirgan o‘rtakashim pul uchun vijdonini unutib qo‘yadigan odamlar toifasidan ekan. Turmush o‘rtog‘imga o‘g‘limning to‘yini ko‘rish nasib etmadi. Odamlar kuyovning boshida otasi yo‘q, shuning uchun to‘yida kamchiliklar bo‘ldi deyishmasin deb qo‘limdan kelganicha dasturxon bezadim, qarindoshlardan tushgan to‘yonalarni, yig‘gan pullarimni jamlab, to‘y uchun kerakli mashinalar, videoapparatlar, karnay-surnay bormi, tantana marosimlariga mo‘ljallangan guldastalargacha hoziru nozir qildim. Umrida bir marta bo‘ladigan to‘y, o‘g‘lim bilan kelinim xursand bo‘lishsin deb barcha do‘stlarini, qarindosh urug‘larni, qo‘ni-qo‘shnilarni taklif etdim.

To‘y juda chiroyli boshlandi. Hamma o‘z o‘rnini egalladi. Sokin qo‘shiqdan so‘ng sho‘x musiqa yangrashi bilan yoshlar davraga chiqib o‘yinni boshlashdi. Bir vaqt to‘yboshlovchi baland ovozda:

–Azizlar, kuyov bolaning onasiga atalgan sovg‘asi bor ekan. Hozir davraga volidai muhtaramani taklif etamiz, sovg‘ani qabul qilib olsinlar, –deb e’lon qildi.

Men o‘g‘limning qanday sovg‘asi bor ekan deb hayron bo‘lgancha davraga chiqdim.

–Kuyov bola, kelinni bir muddatga yolg‘iz qoldirib, volidai muhtaramagizning oldilariga keling, –dedi to‘yboshlovchi.

O‘g‘lim o‘rnidan turib oldimga yurib keldi.

–Endi ikkingiz bir-biringizni mehr bilan tabriklab, muborakbod eting!

O‘g‘lim bilan qaytadan quchoqlashib ko‘rishdik. Hammaning diqqati bizda, to‘yxona jim-jit. Nima bo‘larkin deb mehmonlar kuzatib turishibdi.

–San’atkorlar onalar haqidagi qo‘shiqni kuylashadi. Ona-bola bir yayrab raqsa tushishadi, mehmonlar esa ularni qutlaysiz!

Ona haqidagi sho‘x tarona boshlanib ketdi. O‘g‘lim va men hayronmiz.

–To‘xtang, kelinimning onasini ham chaqiraylik, bir o‘zim o‘ynamayman, –dedim.

–Avval o‘g‘lingiz bilan raqs tushib oling, quda bilan o‘ynash qochib ketmaydi!

Noiloj qo‘limni tepaga ko‘targanimni bilaman, to‘yxonada qancha mehmon o‘tirgan bo‘lsa, barchalari turnaqator saf tortishib men va o‘g‘limga pul qistira ketishdi. Ikki qo‘lim pulga to‘lib ketar, o‘rtakashning yordamchisi pullarni terish bilan ovora edi. Shu tobda xayolimda bir savol g‘ujg‘on o‘ynamoqda: «Onalarga guldasta berish marosimida yana mehmonlarni bezovta qilib qo‘yamanmi?»...

Shu xayol bilan o‘tirganimda davraga kelin bilan kuyovning buvilari taklif qilindi. Buvilar birma bir tabrik bildirishgach, ularga atalgan qo‘shiq yangradi. Ana endi buvilarning hurmati bajo keltirilib yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lganlar buvilarga pul qistira ketishdi.

Shundan keyin uyatdan boshimga og‘riq turib, kayfiyatim tushib ketdi. To‘yning egasi menman axir, nahotki ta’magirlik qilayotgan bo‘lsam degan andisha ich etimni kemira boshladi.  Kim kelyapti, kim ketyapti, nimalar bo‘lyapti bilmayman. To‘yning o‘rtasiga kelganida o‘rtakash davraga men bilan qudamni chaqirib, guldasta berish marosimini boshladi.

–Kelin bilan kuyovga javob beramiz, o‘z joylaringizga borib o‘tiringlar, onalar esa raqsga tushishadi!

Hali qo‘limizni ko‘tarmasimizdan yana mehmonlarning barchasi saf tortishib, pul qistira boshlashdi. To‘g‘risi, xijolatdan bo‘g‘zimga alam tiqilib, yig‘lab yuboray dedim.

Onalarni tabriklash marosimidan so‘ng yoshlarbop qo‘shiqlar yangrab, to‘y yanada qizidi. Men biroz o‘zimga kelib oldimda, o‘rindiqqa o‘tirib, issiq choydan ichmoqchi bo‘ldim. Qo‘shiq birdaniga to‘xtab, o‘rtakashning ovozi  yangradi:

–Aziz mehmonlar, hozir davraga kuyovbolaning ukasi va singlisini taklif etamiz. Ular kelin-kuyovga atalgan dil so‘zlarini bildirishadi va albatta, so‘z isboti bilan raqsga tushib berishadi.

«Voy tavba, shundoq ham raqsga tushishayotgandi-ku» dedim o‘rtakashdan yanada jahlim chiqib.

–Kuyov bolaning onalari qayerdasiz? Farzandlaringizning oldida turmaysizmi? O‘g‘lingizning to‘yida o‘ynamasangiz qachon o‘ynaysiz?!

O‘rtakash tinmay mikrofonda baralla ovozda meni chaqiraverdi. Men esa yana uyatga qolishimni o‘ylab, tashqariga chiqib ketdim. Birozdan keyin qaytib kirganimda to‘yboshlovchi o‘z o‘rnida ovqatlanib o‘tirgan ekan. Imlab chaqirdim.

–Tinchlikmi, nega davradan chiqib ketdingiz? –so‘radi surbetlarcha.

–Nega meni hadeb davraga chaqiraverasiz, mehmonlar oldida sharmanda qilyapsizku, –dedim.

–Nega sharmanda qilarkanman, to‘yning o‘z qoidasi bor, bilmaysizmi?

–Qanaqa qoidasi, dardingiz men orqali ko‘proq pul yig‘ib olishmi? Har holda tekinga kelmagansiz, xizmat haqinglarni berdim-ku. Bu yerda o‘tirgan mehmonlarning hammasi mening qarindoshlarim, do‘stlarim, qo‘shnilarim bo‘ladi axir. Ularni hadeb bezovta qilib, pul qistirishlariga majbur qilyapsiz. Bilmaganlar, to‘y egasi san’atkorlarni tekinga chaqirgan ekan-da, shuning uchun qistir-qistir ko‘p bo‘lyapti, deb o‘ylashmaydimi?–dedim jahlim chiqib.

Shundan keyin to‘yboshlovchi toki to‘y tamom bo‘lgunicha indamay o‘tirdi.

Yillab orziqib kutgan to‘yim tinchlik-xotirjamlikda, eson-omon o‘tib oldi. Ammo to‘yboshlovchining farosatsizligi, nafsi o‘pqonligi tufayli ko‘nglimda unutilmas g‘ashlik qoldi. Ayniqsa, quda tomondan tashrif buyurgan ayollar oldida izza bo‘ldim. Endi kimni ko‘rsam, uzrimni aytyapman.

–Xafa bo‘lmang, bunday hol hamma to‘ylarda bo‘lib turadi. O‘rtakashlarning kimligi barchaga ma’lumku,–deyishyapti ko‘pchilik.

Bu mavzuni yozishimdan maqsad shuki, to‘y boshlab qo‘yganlar ogoh bo‘lsinlar. Birinchi galda san’atkorlarni tanlaymizu, ko‘pchilik o‘rtakashlarning kimligiga, qandayligiga e’tibor bermaymiz. Agar to‘yingiz fayzli o‘tishini, men kabi dilxiralikka duch kelishni istamasangiz, o‘rtakashga xizmat haqini berayotgan vaqtda undan ustamonlik qilmasligini, xiyla-nayrangni ishga solmasligini talab qiling. Agar o‘z manfaati uchun vijdonini sotadigan o‘rtakashga duch kelib qolsangiz issig‘ida to‘yxonadan quvib soling. To‘yni olib boradigan san’atkor yaxshi bo‘lsa, o‘rtakashsiz ham to‘y o‘taveradi.

Ra’no Mahmudova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring