Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Agar bu niyatimni ota-onamga aytsam, ular vatanga qaytishimga ruxsat berishmaydi»

«Agar bu niyatimni ota-onamga aytsam, ular vatanga qaytishimga ruxsat berishmaydi»

Foto: «Myday.uz»

14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlanadi

Yoshlikdan hammamiz Vatanga sodiq bo‘lish, Vatanni himoya qilish kerak, degan gapni ko‘p eshitganmiz. Tarixda juda ko‘p ota-bobolarimiz Vatan uchun jonini fido qilishgan. Hozirgi kunda-chi? Ota-bobolarimizdaka Vatanga sadoqatli avlodlar bormi? Hamma aytadi, Vatanim uchun jonimni fido qilishga tayyorman, deb. Aslida shundaymi? Biz ma’nan va ruhan bu aytgan gapimiz uchun tayyormizmi?

Hayotimda meni Vatanni sevishga o‘rgatgan bir voqea sodir bo‘ldi. Odatda ko‘p yoshlar bilan uchrashganimda kelajakda qaysi sohani egallamoqchisan, deb so‘rash odatim bor. Ramazon kunlarining birida iftor payti edi va bir nechta yoshlar bilan iftorlik qilayotgandim. Odatdagidek yoshlardan kelajakda kim bo‘lishi haqida so‘ray boshladim. Navbat Ahmad degan 18 yoshga to‘lmagan bir bolaga keldi. Ahmad asli millati turk, lekin Germaniyada tug‘ilib o‘sgan nemislarning ta’limini olgan edi.

Ahmad shunday javob berdi: «Men vatanim Turkiyaga qaytib, askar bo‘lib, vatanimni himoya qilmoqchiman». Men hayron bo‘ldim, chunki Ahmad Germaniyada tug‘ilgan, katta bo‘lgan, nemis muhitida ulg‘aygan bola edi. Qanaqasiga Germaniyada tug‘ilgan bola ota-bobolarining vatani Turkiyaga qaytmoqchi? Maza qilib Germaniyada yashasa, umrini o‘tkazsa bo‘lmaydimi, deb o‘yladim. Hayron qoldim va ikkinchi savolimni berdim: «Ahmad, sen Germaniyada tug‘ilgansan, ota-onang shu yerda yashashadi, ularni tashlab ketmoqchimisan? Ota-onang bilan bu askarlik masalasida gaplashdingmi?».

Shunda Ahmad juda ta’sirli javobni berdi. «Men hali 18 yoshga to‘lmaganman, maslahatlashmadim». Men yana so‘radim: «Yoshning nima aloqasi bor ota-onangga askar bo‘lishingni aytishga?». Ahmad esa «Men agar hozir ota-onamga aytsam, ular meni vatanimga sadoqat bilan xizmat qilish fikrimdan qaytarishlari mumkin. Chunki Turkiyada harbiy xizmatda dushman hujumi bo‘lib qolsa, hujumda o‘lishim ham mumkin. Germaniya qonunlari bo‘yicha 18 yoshgacha o‘zim mustaqil qaror qabul qilishga haqqim yo‘q. Ota-onam buni juda yaxshi bilishadi. Ular meni yana bu vatanga sadoqat bilan xizmat qilish fikrimdan qaytarishga urinishmasin, deb aytmadim. Qachonki 18 yoshga kirsam, aytaman», dedi.

Mana, azizlar, Vatanga sadoqat qanaqa bo‘ladi! Hatto ota-onam vatanga sadoqat bilan xizmat qilishimdan qaytarmasin, deb qalbiga bu vatan sevgisini Ahmad yashirib yuribdi. Bu javobdan juda ta’sirlandim. Qanday qilib Germaniyada katta bo‘lgan Ahmad bunchalik vatani uchun hamma narsaga tayyor, deb o‘ylab qoldim. Aslida bu qalbdagi vatanga sodiqlik va ota-bobolari yurtiga vafodorlik edi. O‘sha kuni Ahmadning javobi xayolimdan chiqmadi. O‘z-o‘zimga savol berdim: «Vatanimiz uchun Ahmadday sadoqatimiz bormi? Vatanimiz uchun Ahmadchalik hamma narsadan voz kecha olamizmi? Muhtaram Yurtboshimizning Vatanga sodiq farzand degan iborasi aslida shu Ahmaddagi Vatanga sodiqlik emasmi?»

Biz hammamiz or va nomusimiz bo‘lgan Ona-Vatanimiz uchun qanchalik sadoqatimiz borligini vijdonan hisob-kitob qilishimiz kerak emasmi?

Abdulaziz Azamat o‘g‘li

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring