Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OTMlardagi inkubatsiya markazlari nima uchun kerak?

OTMlardagi inkubatsiya markazlari nima uchun kerak?

Foto: IT Park

Yaqin vaqtgacha talabalar o‘zlarining g‘oyalarini loyihaga aylantirish uchun maslahat va ko‘rsatma berib boradigan startap platforma, mentor va murabbiylar yordamida ishlash imkoniyati yo‘q edi. Lekin, bugungi kunda IT Park va universitetlarning o‘zaro hamkorligi tufayli talabalar inkubatsiya markazlarida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

IT Park va OTM tomonidan ko‘rsatiladigan yordam tufayli, ular nafaqat o‘z g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishlari yoki ustoz, murabbiy va mutaxassislardan yordam so‘rashlari mumkin, balki startap ekotizimning o‘zida bo‘lish va tadbirkorlik muhitini to‘liq his qilish imkoniga ega bo‘lishadi.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida iqtisodiyotning barcha sohalari va axborot texnologiyalari o‘rtasida sinergiya yaratish maqsadida OTMlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va IT Parklar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ushbu topshiriqdan so‘ng, universitetlar yosh ixlosmandlarga o‘z g‘oyalarini innovatsion loyihalarga aylantirishda yordam beradigan inkubatsiya markazlarini tashkil etishga harakat qilishmoqda.

«Inkubatsiya markazi» nima?

IT Parkning bir yarim yillik faol faoliyati davomida O‘zbekistonda ko‘plab yoshlar haligacha «startap» nima ekanligi to‘g‘risida asosiy tushunchalarga ega emasligi aniqlandi. Buni tuzatish maqsadida, IT Park o‘z faoliyatini tubdan boshlashga, shuningdek, nafaqat tashkil etilgan tadbirkorlar va yirik IT kompaniyalar bilan, balki tadbirkor bo‘lish yoki yirik IT kompaniyalarga rahbarlik qilish istagida yurgan salohiyatli yosh va istiqbolli yoshlar bilan ishlashga e’tibor qaratishga qaror qildi.

Shu tarzda, talabalar uchun mo‘ljallangan yuqori texnologiyali startap loyihalarni ishlab chiqish platformasi bo‘lib xizmat qiladigan inkubatsiya markazlarini yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi.

«Inkubatsiya markazi»da talabalar nima oladi?

Inkubatsiya markazlari faoliyati doirasida talabalar uchun turli xil konsultatsiya, musobaqa, xakaton va seminarlar o‘tkaziladi. Shuningdek, universitet talabalarining inkubatsiya markazlarida vaqtini samarali va sifatli o‘tkazishiga yordam berish maqsadida, ular inkubatsiya dasturlari va ish joylari bilan ta’minlanadi.

Oliy o‘quv yurtlari qoshidagi inkubatsiya markazlari yoshlarga boshlang‘ich ekotizim haqida asosiy va fundamental bilimlarni berish bilan bir qatorda, ularga o‘zlarini axborot texnologiyalari sohasida tadbirkor sifatida namoyon etishlariga yordam beradi. Shu tariqa, «startap» tushunchasi O‘zbekistondagi biron bir talaba uchun begona bo‘lmaydi.

Iqtisodiy tarmoqlar bilan IT sinergiyasi qay tarzda yaratiladi?

Barchamizga ma’lumki, iqtisodiyotning barcha sohalari axborot texnologiyalari, texnologik mahsulotlarni joriy etish va ular bilan o‘zaro bog‘liqlikka muhtoj. Bu nafaqat O‘zbekistonga, balki butun dunyoga tegishlidir. Agar biz jahon tajribasini misol qilib qaraydigan bo‘lsak, unda ishonch bilan aytishimiz mumkinki, IT mutaxassisi mustaqil ravishda iqtisodiyot, tibbiyot, turizm va boshqa yo‘nalishning xususiyatlarini qamrab ololmaydi. Innovatsion loyihani yaratish uchun «soha mutaxassisi + IT mutaxassisi» havolasidan iborat bo‘lgan jamoa kerak.

O‘zbekistonda bunday aloqani inkubatsiya markazlari orqali amalga oshirish mumkin. Bu yerda turli yo‘nalishdagi talabalar mavjud bo‘lgan muammolar va ularning yechimini aniqlash, shuningdek, noyob texnologik loyihalarni yaratish maqsadida IT mutaxassislari va davlat idoralari vakillari bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadilar.

Nimalar yaratildi?

Bugungi kunga qadar mamlakatimizning quyidagi oliygohlarida inkubatsiya markazlari ochildi: Toshkentdagi Turin politexnika universiteti, G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteting Toshkent shahridagi filiali, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent shahridagi INHA universiteti va Toshkent shahridagi Amiti universiteti. Hozirgi kunda ushbu markazlarda startap loyihalarni yanada rivojlantirish maqsadida faol ishlar olib borilmoqda.

Yaqin orada Toshkent moliya instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent shahridagi Vebster universiteti, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida inkubatsiya markazlarini ochilishi kutilmoqda.

Manba: it-park.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring