Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek filmi xalqaro festivalda bosh sovringa da’vogar. Keyingisi Kann kinofestivali

O‘zbek filmi xalqaro festivalda bosh sovringa da’vogar. Keyingisi Kann kinofestivali

Foto: «O‘zbekkino» MA

«O‘zbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga asosan «O‘zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan «Sabot» badiiy filmi nufuzli xalqaro kinofestivalning bosh sovriniga da’vogarlik qilmoqda.

Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan mazkur kartina bir qator xorijiy kinofestivallarga taqdim etilgan bo‘lib, Moskvadan ilk xushxabar keldi. Festival ishchi guruhining qaroriga muvofiq, rejissyor Rashid Malikovning «Sabot» badiiy filmi shu yilning 19-26-aprel kunlari Rossiya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan 40-Moskva xalqaro kinofestivalining asosiy dasturidan o‘rin oldi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur nufuzli xalqaro kinofestival 1935-yilda tashkil etilgan bo‘lib, birinchi festivalda jahonning 19 mamlakatidan nomzod filmlar ishtirok etgan. 1972-yili esa MXKFga kinoprodyusserlar Assotsiatsiyasi xalqaro federatsiyasining (FIAPF) «A» sinfi, ya’ni oliy maqom berilgan. 1999-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan mazkur kino tanlovining asosiy dasturi uchun kamida 12 ta to‘liq metrajli film saralab olinadi. E’tiborli tomoni, bu yil ushbu ro‘yxatdan o‘zbek filmi ham joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning dekabr oyida Toshkentda ushbu filmning premerasi bo‘lib o‘tgan edi. Filmda afg‘on urushida qatnashgan zobit — Saydulla hayotining so‘nggi kunlari aks ettirilgan. Voqealar urushdan keyin sodir bo‘lganiga qaramay, Saydullaning bot-bot o‘tmish xotiralariga berilishi sababli, retro sahnalar asosiy voqealarga parallel tarzda rivojlanadi. Saydulla kamgap, tund odam. U urush fojialarini ko‘rgan insonlarning tipik vakili. Urushdan qaytgach, ichkilikka berilgan, oqibatda ayolidan ayrilgan va shu tufayli yolg‘iz o‘g‘li bilan munosabatlarida jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Bedavo dardga chalinganini bilgach, o‘zining burchi deb bilgan ishlarni tezroq bitirishga shoshilgan qahramon asosiy maqsadi — urushdagi quroldosh do‘stining o‘limiga sababchi bo‘lgan nomardni topib, yo‘q qilishga qaror qiladi...

Senariy muallifi va postanovkachi rejissyor — Rashid Malikov, sahnalashtiruvchi tasvirchi — Bahodir Yo‘ldoshev, sahnalashtiruvchi rassom — Doniyor Abdurahmonov, bastakor — Dmitriy Yanov-Yanovskiy. Filmda bosh rollarni Karim Mirhodiyev, Nigora Karimboyeva, Saydulla Moldaxonov, Begzod Hamroyev va Zulxumor Mo‘minova ijro etishgan.

Ta’kidlash joiz, «Sabot» badiiy filmi Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan 71-Xalqaro Kann kinofestivalida namoyish etish uchun ham tavsiya etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring