Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekgidroenergo»: investitsion loyihalar va ularning ijrosi

«O‘zbekgidroenergo»: investitsion loyihalar va ularning ijrosi

«O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatida investitsiya loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda  Vazirlar Mahkamasi, «Turonbank», Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatining rahbarlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor 21-iyun kuni Prezident rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor majlisida berilgan topshiriqlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 26 iyunda qabul qilingan «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining faol investitsiya siyosatini amalga oshirish yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 478-qarori ijrosiga qaratildi. Jamiyatda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar va ularning ijrosi to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

478-qarorda vazirlik, davlat qo‘mitalari va xo‘jalik birlashmalari tizimida investitsiya loyihalari amalga oshirilishi monitoringi bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tarkibi, shuningdek monitoring olib borish tartibi belgilangan edi.

Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatida investitsiya loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda jamiyat oldiga qo‘yilgan vazifalar muhokama qilindi.

Bugungi kunda gidroenergetika sohasini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotganligi bejiz emas. Negaki, hozir mavjud salohiyatning 23-24 foizidan foydalanilmoqda yoki gidroelektrostansiyalarda yiliga 7 mlrd. kVt-soat atrofida elektr energiyasi ishlab chiqarilayapti. Bu mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 13 foizini tashkil etadi. Yaqin uch yilda 12 ta yirik va o‘rta, kichik GESni qurish evaziga bu ko‘rsatkichni 16 foizga yetkazish talab etiladi.

Bundan tashqari, «O‘zbekgidroenergo» tarkibidagi 36 ta GESdan 18 tasining uskunalari eskirgan bo‘lib, ularni bosqichma-bosqich yangilariga almashtirish, stansiyalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Buning uchun O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi «2018 yil uchun investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq joriy yilda umumiy loyiha qiymati 354,8 mln. AQSh dollari bo‘lgan 11 ta yirik investitsion loyihani o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish borasida zaruriy topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish so‘ngida hamkor idoralar hamda mutasaddi banklar bilan samarali hamkorlik qilish yuzasidan kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring