Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning davlat boshqaruvi sohasidagi tajribasini o‘rgandi

O‘zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning davlat boshqaruvi sohasidagi tajribasini o‘rgandi

Foto:Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vazirligi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan  loyihalar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi vakillaridan iborat  delegatsiya  joriy yilning 30-noyabridan 7-dekabriga qadar amaliy tashif bilan London shahri (Buyuk Britaniya)da bo‘ldilar.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Buyuk Britaniya va O‘zbekiston  davlat boshqaruvi  tizimi, fuqarolarga  huquqiy maslahat ko‘rsatish amaliyotini o‘rganish va tajriba almashishdir.

Tashrif doirasida Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligida mamlakatimiz delegatsiya a’zolarining qator davlat  muassasalari, xususan Vazirlar Mahkamasi Ofisi, Adliya vazirligi, Davlat boshqaruvi milliy instituti, Siyosat masalalari agentligi, Barqarorlashtirish masalalari agentligi vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Uchrashuvlar  jarayonida  Buyuk Britaniya davlat qurilishi tizimi, hokimiyatning asosiy organlari va bo‘g‘inlari tuzilmasi, davlat muassasalari, tashkilotlarining faoliyati, ularning ish uslubi va tamoyillari, vazirlik va idoralarning yagona reja va strategiyalarni ishlab chiqishiga doir ma’lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi  davlat xizmatchilarini o‘qitish va  malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan Public Administration International (PAi), Oxford Business School singari institutlar faoliyati bilan ham tanishdilar. Delegatsiya a’zolari vazirlik xodimlarini Davlat boshqaruvi  yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitishga qiziqish bildirdilar hamda kelgusida mazkur masala yuzasidan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldilar.

Shuningdek, Adliya vazirligi «Advice.uz» Yagona  axborot portali  ekspertlari Fuqarolarga maslahat berish Byurosi Milliy assotsiatsiyasi (National Association of Citizens Advice Bureaux) da ham bo‘ldilar. Unda fuqarolarga maslahat berish sohasi hamda  Casebook Management fuqarolar murojaatlari boshqarmasi tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkilotning qator muhim boshqarmalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi  Adliya vazirligi va Buyuk Britaniya Davlat Raqamli xizmati o‘rtasida raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish hamda texnologiyalarga bo‘lgan an’anaviy yondashuvlarni isloh qilish sohasida  axborot va tajriba almashishni nazarda tutadigan raqamli hukumat (Government Digital Services – GDS) bo‘yicha O‘zaro anglashuv  memorandumi imzolandi.

Xususan, tomonlar «Advice.uz» Yagona axborot portali loyihasiga ekspert ko‘magini ko‘rsatish va vazirlik mutaxassislarini  GDS Akademiyasida AKT sohasi bo‘yicha o‘qitish yuzasidan kelishib oldilar.

Tashrif yakunida  tomonlar  bu kabi tashrif va tajriba almashinuvlari xalqaro  tajribani o‘rganish va bilimlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi,  o‘zaro tajriba almashinuvlari bundan keyin ham konstruktiv va do‘stona ruhda davom etishini  qayd etdilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring