Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston hukumati olim vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

O‘zbekiston hukumati olim vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Foto: O‘zA

Atoqli matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Mahmud Salohiddinov bugun, 27-aprel kuni 85 yoshida vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirdi.

«Mahmud Salohiddinov 1933-yil 23-noyabrda Namangan shahrida tug‘ildi. 1958-yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning matematika fakultetini tugatib, shu dargohda aspiranturada tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1974 yilda ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

M.Salohiddinov o‘z mehnat faoliyatini 1959-yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. Ushbu maskanda katta ilmiy xodim, bo‘lim mudiri, direktor o‘rinbosari va direktor lavozimlarida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatdi.

Katta ilmiy salohiyat va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan atoqli olim ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti va prezidenti, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Fanlar akademiyasining Matematika instituti bo‘lim mudiri kabi mas’ul vazifalarda xalqimiz va Vatanimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Olimning zamonaviy o‘zbek matematika maktabini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fundamental tadqiqotlari, ilmiy ishlanmalari, monografiya va maqolalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Tajribali olim mohir va talabchan murabbiy sifatida ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. Uning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi.

M.Salohiddinov mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etdi. U bir necha bor respublikamiz parlamentiga a’zo etib saylangan edi.

Akademik M.Salohiddinovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» faxriy unvoni, «Fidokorona xizmatlari uchun», «Mehnat shuhrati» va «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Mahmud Salohiddinovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi».

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yo‘ldoshev, Sh.Ayupov

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring