Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Iskandariya kutubxonasiga Farg‘oniy haykalini tortiq qiladi

O‘zbekiston Iskandariya kutubxonasiga Farg‘oniy haykalini tortiq qiladi

Foto: O‘MI Matbuot xizmati

Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohiraga xizmat safarini amalga oshirayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hay’ati kecha, 26-avgust kuni Qohira islom san’ati muzeyida bo‘ldi. Bu haqda O‘MI Matbuot xizmati xabar berdi.

Muzeyning bosh direktori doktor Mamduh Usmon bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzey rahbariyati va uchrashuvda ishtirok etgan ilmiy tadqiqotchilarga O‘zbekistonda tarixiy-madaniy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida respublika rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarning mohiyati va maqsadlari taqdimoti amalga oshirildi.

Islom san’ati muzeyi bosh direktori Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi umumislomiy tamaddun zanjiridagi muhim halqa ekanini, Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish Islom san’ati muzeyi uchun sharaf va ayni muddao bo‘lishini bayon qildi. Tomonlar hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolash va unga ko‘ra ma’lumot, tajriba almashish, xodimlarning o‘zaro malakalarini oshirish hamda Qohira islom san’ati muzeyi va O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida ekspozitsiyalar almashib turishga kelishib oldilar.

Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Iskandariya kutubxonasi bosh direktori doktor Mustafo El Feki bilan ham uchrashdi. Suhbat davomida doktor El Feki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan xabardor ekanini, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan ajdodlar merosini saqlash va o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarni kuzatib turganini mamnuniyat bilan qayd qildi.

«Aloqalarimiz tarixi mamluklar va hatto ulardan oldingi zamonlarga taqaladi. Albatta biz hamkorlik qilishimiz, otalar an’analarini davom ettirishimiz kerak. Biz O‘zbekiston tomonining kutubxonamizdagi mashhur kishilar timsollari qatorida ko‘rish uchun Ahmad al-Farg‘oniy haykalchasini tortiq qilish niyatidan xabardor bo‘ldik. Ushbu ulug‘ olim mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, tariximiz va madaniyatlarimiz o‘rtasida misoli bir ko‘prikdir. Albatta bunday hadyani mamnuniyat bilan, sharaf deb bilib qabul qilamiz», — dedi kutubxona direktori.

Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Iskandariya kutubxonasi islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolashga kelishib olindi. Uchrashuv samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring