Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston jamoasi yetakchisi: «Yosh matematiklarimizni qalloblikda ayblash uchun isbot va dalillar yo‘q»

O‘zbekiston jamoasi yetakchisi: «Yosh matematiklarimizni qalloblikda ayblash uchun isbot va dalillar yo‘q»

Foto: «clipper28.com»

Shu yilning 3–14-iyul kunlari Ruminiya davlatining Kluj-Napoka shahrida o‘tkazilgan dunyoning eng nufuzli sanalgan fan olimpiadasida O‘zbekiston jamoasidan 3 nafar o‘quvchi qalloblikda gumonlanib, olimpiadadan chetlashtirilgani haqidagi xabar bugun internet OAVlarning bosh mavzularidan biriga aylandi.

Ushbu 59-Xalqaro matematika olimpiasida O‘zbekiston o‘quvchilarining natijalari bekor qilinganligi to‘g‘risida jamoa yetakchisi, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Shuhrat Ismoilov tushuntirish berdi:

— «IMO 2018»da O‘zbekistondan Kasb-hunar ta’limi markazi buyrug‘i bilan ikki nafar rahbar, 6 nafar o‘quvchi, Yoshlar ittifoqi qarori bilan jamoani tayyorlashda faollik ko‘rsatgan 3 nafar matematik-kuzatuvchi ishtirok etgan. Olimpiada ishtirokchilarining barchasi akademik litseylar o‘quvchilari bo‘lib, ikki bosqichli tanlov natijalariga ko‘ra, saralab olingan. Ushbu saralashning ikkinchi turida mazkur holat bo‘yicha birinchi bo‘lib xabar bergan 7 nafar yoshlardan 3 nafari ishtirok etgan. Qolganlari xorijiy davlatlarda tahsil olgani hamda matematik mutaxassisligiga ega bo‘lmaganligi sababli olimpiada saralash bosqichlarida ishtirok etmagan.

«IMO 2018» Prezidenti Jof Smit o‘zining rasmiy bayonotida aytganidek, haqiqatdan ham jamoadagi 3 nafar o‘quvchi geometriyadan taqdim etilgan masalani bir xil usul bilan yechganligi sababli ma’lum ma’noda shubha paydo bo‘lgan va bu masalani ko‘rib chiqish uchun boshqa davlatlar yetakchilari (ular xalqaro xay’at a’zolari hisoblanadi) muhokamasiga qo‘yilgan.

Muhokama paytida bir nafar o‘quvchining yechimi qolgan ikkalasi bilan bir hil usulda yechilgan bo‘lsa-da, uning hajmi 12 varaqdan ortiq, qolgan o‘quvchilarning yechimi qisqaroq ekanligi, ammo inversiyaga tayangan yechim usuli  1993-yili Turkiyada bo‘lib o‘tgan XMOda taqdim etilgan masalaga o‘xshashligi qayd etilgan. Men bu bir usul qo‘llanishini shu 3 o‘quvchi bir litseyda o‘qib o‘rganganligi bilan tushuntirdim. Bundan tashqari, bu bolalar kombinatorika masalasiga vaqt ajratmay, bor kuchini ularga tanish bo‘lgan geometriya masalasiga sarflagan. O‘quvchilar bilan qo‘shimcha suhbat o‘tkazilishi lozimligini ham taklif qildik. Shunga qaramasdan, o‘quvchilarimiz masalasi yashirin ovozga qo‘yilib, ovoz berish natijasida ularni chetlashtirish qarori qabul qilindi.

Bu uch nafar o‘quvchi, joriy yilning yanvar oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Jautikov olimpiadasida 1ta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritganligi, tayyorlov paytida jo‘da faol bo‘lganligi hamda ilgari ham o‘zbekistonlik o‘quvchilar asosan geometrik masalalarni to‘liq yechib kelganliklari bois, menda ularni qalloblikda ayblash uchun asoslangan isbot va dalillar yo‘q.

Vaziyatni soddalashtirib, tajriba uchun ixtiyoriy  3 nafar iqtidorli o‘quvchiga kvadrat tenglamani berib ko‘ring-chi... Ular nechta usul bilan ishlar ekan?

Shu bilan birga, XMO yetakchilarining yig‘ilishida bildirilgan tavsiyalarga asosan, o‘quvchilarimizning ruhiy holatini buzmaslikka qaror qildim. Chunki ular yetarlicha jazosini oldi».

Izohlar 7

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring