Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida o‘quv yili boshlandi

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida o‘quv yili boshlandi

Yurtimizning barcha o‘quv yurtlari kabi yangi tashkil etilgan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ham bugun ilk o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Universitet axborot xizmatining ma’lumot berishicha, bakalavr bosqichida 100 nafar, magistratura bosqichida esa 30 nafar talaba o‘qishni boshlagan. Shuningdek, ikki nafar jismoniy imkoniyati cheklangan abituriyent davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham bugundan e’tiboran yangi o‘quv yili boshlandi. Joriy yilda universitetga 430 nafar bakalavr va 57 nafar magistr qabul qilindi. Ular orasida fan olimpiadalari g‘oliblari, «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti sohibalari va ko‘plab iqtidorli, ijodkor yoshlar bor. Universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov barcha talaba-yu o‘qituvchilarga yangi o‘quv yili muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi. Shu kunning o‘zida ta’lim yo‘nalishlariga eng yuqori ball bilan qabul qilingan talabalarga talabalik guvohnomalari va reyting daftarchalari berildi.

O‘quv yilining avvalida universitetning yana bir yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Zamonaviy o‘quv texnologiyalari bilan jihozlangan universitetda mamlakatimizning filolog olimlari bilan bir qatorda xorijlik mutaxassislar ham talabalarga saboq beradi.

Shuningdek, joriy yildan Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5-aprelda «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan Oliy adabiyot kursining ilk tinglovchilari ham o‘quv jarayoniga kirishdilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring