Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston Ozarbayjonga qishloq xo‘jaligi texnikalari eksporti hajmini oshiradi

O‘zbekiston Ozarbayjonga qishloq xo‘jaligi texnikalari eksporti hajmini oshiradi

Foto: «O‘zagrotexsanoatxolding» matbuot xizmati

Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi bugun, 5-fevral kuni «O‘zagrotexsanoatxolding»da bo‘lib, uning tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan tanishdi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda 2018-yilda jami 11 ming 570 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarildi.

Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodida 7 turdagi traktor, 2 turdagi paxta terish mashinasi, yuk tashishga ixtisoslashgan tirkamalar ishlab chiqarilmoqda. Zavod o‘tgan yilda 900 milliard so‘mlikdan ziyod qishloq xo‘jaligi texnikalarini dehqon va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berdi. Shuningdek, korxona faoliyati Germaniya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar hisobiga yanada yaxshilandi. Hozirgi kunda jamiyat tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan texnikalarni 30-40 foizgacha mahalliylashtirish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda.

Foto: «O‘zagrotexsanoatxolding» matbuot xizmati

Tadbirda Ozarbayjon delegatsiyasi bilan «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ o‘rtasida qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish yuzasidan muzokara o‘tkazildi. 2018-yilda aksiyadorlik jamiyati tomonidan Ozarbayjonga 70 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari eksport qilingan edi. Joriy yilda Ozarbayjonda o‘tadigan agroko‘rgazmalarda yurtimizda ishlab chiqarilgan texnikalar ham namoyish etiladi. Bu eksport hajmini yanada oshirishga turtki beradi.

– Uchrashuvda ozarbayjonlik mutaxassislar bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildik, – deydi «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. – Ishlab chiqarishda zamonaviy xorij tajribasini tatbiq etish, chet ellik hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazish orqali tizim korxonalarida mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish asosiy vazifamizdir. Bu kabi muzokaralar biz ishlab chiqarayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalarining ichki va tashqi bozorlarda mustahkam o‘rin egallashiga zamin yaratadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring