Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekiston pochtasi»ning yangi rahbari: «Men nima qilishni yaxshi bilaman»

«O‘zbekiston pochtasi»ning yangi rahbari: «Men nima qilishni yaxshi bilaman»

Foto: «Xabar.uz»

«O‘zbekiston pochtasi» AJ  aksiyadorlarining 2018-yil 4-iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida Yevgeniy Vladimirovich Birgerni jamiyat bosh direktori lavozimiga tayinlash qarori tasdiqlandi.

Avvalroq, 2018-yil 24-may kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev «O‘zbekiston pochtasi» AJ bosh direktori lavozimiga tayinlangan Yevgeniy Birgerni jamoaga tanishtirgandi.

Pochta aloqasi sohasining nufuzli mutaxassisi

Vazir jamoaga murojaat qilib, Yevgeniy Birgerning pochtachilar oilasida tug‘ilgani, pochta aloqasi sohasida eng nufuzli mutaxassislardan biri ekanligini ta’kidladi.

Yevgeniy Birger 1982-yilda Moskvadagi aloqa elektrotexnika institutini bitirgan, iqtisod fanlari nomzodi.

1999-yilga qadar pochta sohasida rahbarlik lavozimlarida, shu jumladan «Posiltorg» birlashmasida ishlagan.

So‘ngra 5 yil davomida Rossiya federal pochta aloqasining eng yuqori rahbarlaridan biri bo‘lgan.

Pochta aloqasiga oid ko‘plab me’yoriy-huquqiy hujjatlarning, shu jumladan Rossiyaning «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi federal qonuni  ishlab chiqilishiga rahbarlik qilgan.

Oxirgi yillarda hokimiyat organlari uchun tahlilchi va maslahatchi sifatida, shu jumladan me’yoriy-huquqiy bazasini yaratish borasida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

«Yevgeniy Vladimirovich bir necha oy mobaynida maslahatchi sifatida bizga ancha yordam berib kelayapti. Pochta sohasida muhim ijobiy o‘zgarishlarni aks etgan Prezident qarori loyihasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etmoqda», — deya e’tirof etdi vazir.

Pochta davlat budjetining muhim donori bo‘ladi

Yevgeniy Birgerning 2018-yil 22-may kuni bo‘lib o‘tgan #MITCROADMAP2018 anjumanida qilgan ma’ruzasi ham ushbu masalalarni yoritishga bag‘ishlangan edi. U anjumanda pochta sohasiga davlatning muhim instituti deya ta’rif berdi. 

Bunday yondashuvning amalga oshirilishi natijasida pochtaning jamiyat va davlat hayotiga integratsiyasi tufayli barcha sohalarga uning kuchli va ko‘pqirrali ta’sirini, pochta davlat budjetining muhim donori bo‘lishini ham kuzatish mumkin bo‘ladi. 

Konsepsiya tarkibida, ayniqsa, pochtani raqamli ekotizimga aylantirish borasida mutlaqo innovatsion yondashuv o‘rin olgan.

Rejalashtirilgan o‘zgarishlar hayotimizning deyarli barcha sohasiga ta’sir ko‘rsatishi tufayli ularni amalga oshirish keng doiradagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq jiddiy mehnatni talab qiladi.

Shularni hisobga olgan holda o‘zgarishlar konsepsiyasi muallifi Yevgeniy Birgerga shu jarayonga o‘zi rahbarlik qilish taklif qilindi.

O‘zgarishlarni amalga oshirish uchun — 5 yil

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Davron Ismailov vazirlik va milliy operator bir jamoa bo‘lib ishlashini, pochta tizimini isloh qilish uchun boshqa davlatlarga 10-15 yil kerak bo‘lganini, lekin  «O‘zbekiston pochtasi» uchun 80 foiz o‘zgarishlarni ko‘pi bilan 5 yil ichida amalga oshirish vazifasi turganini ta’kidladi. 

«Raqobatbardosh ish haqini to‘lash darajasiga yetmasak, rejalarni amalga oshirishda hamkorsiz qolamiz»

O‘zbekiston pochtachilariga murojaat qilar ekan, Yevgeniy Birger quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

— Bu taklifni alohida tuyg‘ular bilan qabul qilmoqdaman: bir tomondan, respublika pochta sohasi inqirozining jiddiyligini va shunga yarasha mas’uliyatni anglagan holda, boshqa tomondan, men va ko‘plab hamkasblarim kuchini sarflagan rivojlanish konsepsiyasining qo‘llab-quvvatlangani, eng yuqori pog‘onalarda ishonch bildirilgani bilan bog‘liq optimistik kayfiyat tufayli.

Avvalo  jamiyat va davlat uchun  pochtaning mohiyatini to‘g‘ri ko‘rsata bilish o‘ta muhimdir, chunki 1991 yildan beri pochtaning institutsional vazifasi bilan bog‘liq tushuncha yo‘qotildi va natijada pochta jamiyat va davlat hayotiga sust integratsiya qilindi. Bu barcha sobiq ittifoq davlatlarida umumiy holatga aylangan edi.

Bu borada internet pochtaning muqobili yoki hatto uning dushmani degan noto‘g‘ri yondashuv katta ta’sir o‘tkazdi. Aslida esa bu ikki umumjahon kommunikatsiya tarmoqlari bugungi kunda birlashish jarayoniga qadam qo‘ygan bo‘lib, yaqin kelajakda birlashgan global ko‘p funksionalli kommunikatsiya tizimiga aylanadi. Bu o‘zgarishlarga milliy pochtanig hozirligini ko‘rish va tegishli axborot infratuzilmasini yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Boshqa dolzarb masalalardan biri milliy pochta xizmatining tashkiliy-huquqiy shaklini belgilab olishdir. Jahon pochta konvensiyasida aks etgan davlat majburiyatlarini bajargan holda pochta normativlar asosida barcha aholi punktlarida ijtimoiy jihatdan qulay va tartibga keltirilgan davlat tariflariga muvofiq universal xizmatlarni ko‘rsatishi lozim.

Ushbu sharoitlarda ko‘rsatiladigan faoliyatni hech ham tijorat deb qabul qilib bo‘lmaydi. Shu sabab pochta xizmati uchun aksiyadorlik jamiyati shakli maqbul emas. Prinsipial ravishda bu gap dunyoning har qanday davlatiga taalluqli. Bugungi kunda tijoratlashtirish bilan bog‘liq umidlar asosida pochtani aksiyadorlik tashkilotiga aylantirgan ayrim g‘arb davlatlarida pochtani saqlab qolish masalalari keskin muhokama qilinmoqda.  

Lekin huquqiy va ijtimoiy tizimlari jon boshiga yiliga yuzlab jo‘natmalar yuborilishini ta’minlaydigan farovon davlatlarda pochta holati deyarli mustahkam. Aksincha, yiliga jon boshiga birdan o‘ttiztagacha jo‘natmalar keladigan ayrim davlatlarda, masalan sobiq ittifoq hududidagi davlatlarda pochtaning moliyaviy holati pochta oldida turgan vazifalar to‘liq bajarilmasligiga sabab bo‘lmoqda. 

Milliy pochta operatori qonunchilik tashabbusi sub’yekti bo‘lmaganligiga qaramasdan biz nafaqat pochta aloqasi, balki telekommunikatsiyalar, elektron hujjat ayirboshlash, davlat-xususiy sektor sherikligiga oid va boshqa yangi qonunchilikni ishlab chiqishda faol qatnashishimiz  kerak bo‘ladi.

Yuqorida vazir qayd etgan O‘zbekiston Prezidentining qarorini tayyorlashda biz qizg‘in ish olib borayotganimiz bu jarayonni boshlab yuborishga ko‘maklashishi kerak. Ushbu qarorda tezkor inqirozga qarshi, shu bilan birga pochta xodimlarining sharoitini yaxshilash bilan bog‘liq  chora-tadbirlar o‘z aksini topgan.

Pochtachilar uchun munosib sharoit yaratib berish muhim ahamiyatga molik vazifadir. Raqobatbardosh ish haqini to‘lash darajasiga yetmasak, buyuk rejalarni amalga oshirishda hamkorsiz qolamiz. Eng muhimi, pochta an’analari hanuz ardoqlab kelinmoqda va O‘zbekiston pochtasi xodimlar sonini majburiy tarzda qisqartirgan bo‘lsa-da, sobiq ittifoqning ko‘plab davlatlaridan farqli ravishda o‘zining yuqori malakali mutaxassislari va faxriy pochtachilarini saqlab qolgan.

Pochtachilar hamisha alohida korporativ jamoa bo‘lib kelgan. Buni boshqa kasblar vakillariga tushuntirish amri maholdir, lekin avvallari biz odamlar pochtada ishlaydi deb emas, ular pochta bilan hayotdirlar deb aytishimiz mumkin edi. Birgalikda pochtachi kasbining nufuzini tiklashda va pochta xodimining ijtimoiy mavqeini ko‘tarishda sizlar yordamingizni ayamaysiz deb umid qilaman.

Alohida e’tibor bebaho bilim va tajribaga ega soha veteranlari hamda pensionerlariga beriladi. Uzoq muddat davomida biz ularga eng mas’uliyatli va ishonchli xodimlar sifatida tayanamiz, ishlab kelayotgan pensionerlarga kerakli sharoitlarni yaratib beramiz. Sohani tark etgan xodimlarni esa har qanday shart asosida, ya’ni to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi bo‘ladimi, ishga taklif qilamiz. Bularni amalga oshirish ish haqi fondini ko‘paytirish bilan bog‘liq bo‘ladi. Tajriba uzluksizligini ta’minlash va eng muhimi – pochta ishining korporativ ruhini saqlashda ularning roli beqiyos.

Oldimizda keng qamrovli ishlar turibdi va yengil yechimlar mavjud emas. Lekin natija ham o‘ziga xos bo‘ladi: davlat va jamiyat hozirgi kunda nafaqat foydalanmaydigan, balki mavjudligini sezmayotgan muhim ma’muriy-huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy resursga ega bo‘ladi.

Bugun O‘zbekistonda ushbu natijalarni qo‘lga kiritish uchun yaxshi sharoitlar bor: davlat rahbariyati keng rivojlanishni maqsad qilib qo‘ygan, pochtani rivojlantirish vazirning diqqat markazida turibdi.

Men nima qilishni yaxshi bilaman va asosli ravishda O‘zbekistonning yangi pochtasi nafaqat rivojlangan infratuzilmaga aylanadi, balki davlatning institutsional rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi deb umid qilaman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring