Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Tovar ayirboshlash hajmi 10 milliard dollarga yetkaziladi»

Shavkat Mirziyoyev: «Tovar ayirboshlash hajmi 10 milliard dollarga yetkaziladi»

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni delegatsiyalar a’zolari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi.

Unda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Rossiya O‘zbekistonning muhim savdo sherigidir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida erkin savdo tartibi amal qilmoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 30 foiz o‘sgan.

Muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish, transport va energetika sohalarida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

«Sentyabr oyida hukumat rahbarlari raisligida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlisi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Hududlar o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanmoqda. Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan birgalikda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, joriy yilda tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollarga yetadi. Bu raqam rejalashtirganimizdan ham ortiq. Yaqin yillardagi vazifa savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Vladimir Putin davlatimiz rahbarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston va Rossiya hukumatlariga o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyatini yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari tashrif doirasida umumiy qiymati 25 milliard dollar bo‘lgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hujjatlar imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida 2019-2024 yillarda iqtisodiy hamkorlik dasturining qabul qilinishi ham muhim ahamiyatga ega.

Muzokaralarda madaniy-gumanitar aloqalarni, ayniqsa, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kuni kecha Toshkentda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida o‘tgan «Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar» mavzuidagi birinchi Ta’lim forumi natijalari yuqori baholandi. Unda ta’lim va fan sohalaridagi hamkorlik, jumladan, mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish to‘g‘risida 100 dan ortiq kelishuv imzolangani qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring