Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston — Belarus: tovar ayirboshlash bir milliard dollarga yetkaziladi

O‘zbekiston — Belarus: tovar ayirboshlash bir milliard dollarga yetkaziladi

O‘zbekiston Prezidentining Matbuot xizmati

Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Belarus Prezidentlarining keng doiradagi muzokaralari boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda faol tus oldi. Bu Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoning avvalgi muloqotlari, samarali hamkorlik borasidagi qat’iy intilishlari natijasidir.

Parlamentlararo hamkorlik mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati delegatsiyasi tashrif bilan Belarus Respublikasida bo‘ldi.

Shu yil avgust oyida Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlisi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Mashinosozlik, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ishbilarmon doiralar va yetakchi korxonalarning biznes aloqalari mustahkamlanmoqda.

Keyingi ikki oyda mamlakatimizning barcha hududlari vakillari Belarusga tashrif buyurib, hamkasblari bilan hamkorlik o‘rnatdi.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommmunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini, buning uchun intellektual, texnologik, mehnat resurslari borligini va, eng muhimi, o‘zaro intilish yuqoriligini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hududlar rahbarlari hamkorlik uchun istiqbolli loyihalarni taklif qildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaga tovar ayirboshlashning yuqori sur’atini ta’minlash, yaqin yillarda uni bir milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Hududlararo aloqalarni keng yo‘lga qo‘yish, xususan, mashinasozlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, chorvachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash,  farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishga kelishib olindi. Qo‘shma korxonalar tashkil etib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Sog‘liqni saqlash, fan va texnologiyalar, oliy ta’lim, madaniyat sohalarida hamda fanlar akademiyalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring