Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov vafot etdi

O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov vafot etdi

O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Kinoarboblar ijodiy uyushmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida filmni suratga olish jarayonida ishtirok etayotgan taniqli aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimovning to‘satdan tobi qochib Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markaziga olib kelingan edi.

Bemorni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markazi bosh direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim Hojiboyev ko‘rikdan o‘tkazib, operatsiya qilgan edi. Jarrohlik amaliyoti murakkab kechgani sababli uning davomiyligi 6 soatga cho‘zilgan.

Aktyor bugun, 18-yanvar kuni olamdan o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, Po‘lat Saidqosimovning janoza namozi 19-yanvar kuni peshin namozi vaqtida Sag‘bondagi masjidda o‘qiladi.

O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov 1931-yilning 8-oktyabrida Toshkentda tavallud topgan.

U aktyorlik faoliyatini 1953-yilda filmlarda suratga tushishdan boshlagan. 1954-57-yillarda Samarqand musiqali drama teatrida ishlagan. 1957-yildan O‘zbek milliy akademik drama teatri jamosi safiga qo‘shilgan va ko‘p yillar shu dargohda faoliyat olib borgan.

Tomoshabinlar uni «Muhabbat mojarosi», «Abu Rayhon Beruniy», «Shaytanat», «Olovli yo‘llar», «Anora», «Chol va nabira», «Qovun» va boshqa ko‘plab filmlari va teatr sahnasidagi spektakllardagi rollari orqali yaxshi taniydi.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali aktyorning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring