Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda litsenziyalash jarayoni to‘liq elektronlashtiriladi

O‘zbekistonda litsenziyalash jarayoni to‘liq elektronlashtiriladi

Joriy yilning 3-mart kuni Toshkent shahridalitsenziyalash hamda ruxsatnoma berishga doir hujjatlarni optimallashtirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarning natijasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir Adliya vazirligi hamda AQSh Xalqaro rivojlanish agentligining (USAID) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkillashtirilgan.

Tadbirda ta’kidlandiki, litsenziya va ruxsatnoma olish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash uchun tadbirkorlar o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkazilgan. So‘rovda respublika bo‘yicha qariyb 40 mingga yaqin tadbirkorlar ishtirok etgan. Uning natijasida tadbirkorlar sohada bir qator muammolar borligini ta’kidlashgan.

Jumladan, respondentlarning 32 foizi oxirgi marta litsenziya yoki ruxsatnomani olishda to‘lovning yuqoriligi, 23 foizi litsenziyani berish muddatining kechikishi, 22 foizi ortiqcha hujjatlarning talab qilinishi, 3 foizi vakolatli organlar tomonidan pul yoki boshqa ish (xizmat)lar qilinishini talab qilinishi kabi muammolarga duch kelganligini bildirgan.

Qonunchiligimizga ko‘ra, litsenziya — bu maxsus huquq. Ya’ni odatda shug‘ullanish mumkin bo‘lmagan (taqiqlangan) faoliyatni boshlash uchun ruxsatnoma hisoblanadi. Xavfli ishlarda faoliyat olib borish qoidalarini o‘rnatish va uni nazorat qilib borish zaruriyati mavjud bo‘lganda litsenziyalash orqali tartibga solingan.

Biroq, davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, litsenziya va ruxsatnomalar orasida hisobni yuritish, mablag‘ undirish yoki shunchaki nazorat qilish uchun joriy qilinganlari ham bor. Bunday litsenziyalar bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida spekulyativ harakatlarni oldini olish maqsadida joriy qilingan bo‘lib, bugungi kun talablariga javob bermay qo‘ygan.Misol uchun: investitsiya maslahatchisi, sug‘urta brokeri, noshirlik, konsert-tomosha faoliyatlari.

Litsenziyalash hamda ruxsatnoma berishga doir hujjatlarni optimallashtirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh faoliyati davomida tadbirkorlarni ortiqcha ovoragarchiligiga olib kelayotgan litsenziyalar ham aniqlandi. Masalan, veterinariya dorixonasi ochish uchun tadbirkor dastlab Veterinariya qo‘mitasining hududiy organlaridan litsenziya olsa, shu vet-dorixonasida vaksina savdosi bilan shug‘ullanish uchun qo‘mitaning o‘zidan boshqa litsenziya olishi lozim.

Ekspertlar fikricha, mamlakatimizdagi biznes muhitni har taraflama qulay qilish uchun tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini keng joriy qilish lozim.

Litsenziya olish o‘rniga vakolatli organni xabardor qilish tartibini keng joriy qilish orqali tadbirkorlik faoliyatini byurokratik to‘siqlarsiz amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Tadbirda mazkur tizimning afzalliklari haqida ham to‘xtalindi. Xususan:

– tadbirkor davlat organidan faoliyatini boshlashga rozilik olishni kutib o‘tirmaydi, natijada korrupsiyaviy holatlarning sodir etilish xavfi kamayadi;

– sohada “xufyona” iqtisodiyotning ulushi pasayadi, tadbirkor o‘z faoliyatini oshkora va qonun asosida olib borish imkoniyati yaratiladi;

– xabardor qilish tartibi joriy etilgan faoliyat bilan shug‘ullanishning jozibadorligi oshadi va ushbu faoliyat bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar soni keskin ko‘payadi;

– davlat organlarining ish yuklamasini kamayishiga olib keladi.

Davra suhbati davomida bugungi kunda 70 ta litsenziya va ruxsatnomalarni xabardor qilish tartibiga o‘tkazish maqsadga muvofiqligi aytildi. Bundan tashqari, texnik jihatdan tartibga solish orqali litsenziyalash tartibini bekor qilish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ham aniqlangan. Jumladan, tibbiy buyumlarni (shprits, perchatka, katetor) ishlab chiqarish faoliyati shular jumlasidandir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring