Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yirik provayder paydo bo‘ldi: u pulli va bepul Wi-Fi tarqatadi

O‘zbekistonda yirik provayder paydo bo‘ldi: u pulli va bepul Wi-Fi tarqatadi

Foto: «Xabar.uz»

«Asia Wireless Group» kompaniyasi tomonidan SOLA brendi ostida Wi-Fi tarmog‘i loyihasi yaratildi. Endilikda Toshkent shahri aholisi va mehmonlari provayderning qamrovi doirasida istalgan vaqtda va istalgan joyda internetdan foydalanishlari mumkin.

Bugun, 17-dekabr kuni «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida SOLA brendi ostida yangi telekommunikatsion Wi-Fi operatorini ishga tushirish rasmiy marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi paytda poytaxtda 1200ta Wi-Fi nuqtalari faoliyat ko‘rsatmoqda, kelgusi yilning bahorigacha esa ularning sonini 5000gacha yetkazish rejalashtirilgan.

SOLA tizimi tarmoqqa ulanishning ikkita qo‘rinishini taklif etadi — pullik va bepul. Bepul kirish reklama roligini ko‘rib chiqishdan keyin taqdim etiladi. Pullik tariflar trafik bo‘yicha cheklovlarsiz ishlaydi va abonentga soatlik, kunlik, haftalik yoki oylik obuna taklif etiladi.

«SOLA tarmog‘i Toshkentning Janubiy va Shimoliy vokzallari, «Megaplanet», «Parus», «Samarqand Darvoza» va «Vega Centre» ko‘ngilochar savdo markazlari, «Chilonzor», «Qatortol», «Yunusobod», «Mirobod» va «Parkent» bozorlari kabi ommabop joylarni allaqachon qamrab olgan. Ulanishga kelib tushayotgan talabnomalarga muvofiq qamrov doirasi doimiy ravishda kengayib boradi. Bizning yaqin rejalarimizda — O‘zbekistonning sayyohlik shaharlarida Wi-Fi tarmog‘ini o‘rnatishdir», — dedi «Asia Wireless Group» MChJ direktori Bekzod Ahmedov.

Kompaniya direktorining aytishicha, loyihaga hozirga qadar 20 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflangan. Tarmoqni kengaytirish uchun yana 100 million dollar sarmoya kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Tarmoqqa ulanish to‘rt undash(klik)da amalga oshiriladi, shartnomani rasmiylashtirish uchun foydalanuvchining kompaniya ofisiga borishi shart bo‘lmaydi, to‘lov esa Paynet, Click, UzCard va PayMe to‘lov tizimlari orqali qabul qilinadi. Kelgusida Asia Wireless Group to‘lovni Visa, Mastercard va Unionpay xalqaro kartalari vositasida to‘lashni ham tatbiq etishni rejalashtirmoqda.

«Asia Wireless Group» kompaniyasining kelgusi rejalarida Toshkentda Wi-Fi shahar tarmog‘ini kengaytirish va Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Buxoro, Navoi, Urganch va Qarshida 45 mingdan ortiq kirish nuqtalarini o‘rnatish belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring