Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekistondagi islohotlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman» — Kristin Lagard

«O‘zbekistondagi islohotlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman» — Kristin Lagard

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-aprel kuni «Dyaoyuytay» qarorgohida Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari XVJ bilan keyingi yillarda jadal va tizimli tus olgan hamkorlik darajasidan mamnunligini bildirdi.

Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg‘armasi  kompleks iqtisodiy va tarkibiy yangilanishlarni amalga oshirish jarayonida O‘zbekistonga  zarur barcha yordamni ko‘rsatishni davom ettirishga qat’iy intilishini ta’kidladi.

XVJ O‘zbekistonda iqtisodiy siyosatga doir, jumladan, aholi turmush darajasini izchil yaxshilashga xizmat qiladigan aniq choralarni ishlab chiqishda texnik ko‘mak sohalarini faol kengaytirishga tayyor ekani qayd etildi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘z tahlillariga tayangan holda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti holatini ijobiy baholamoqda. Xususan, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi joriy yilda 5,5 foiz, kelasi yili esa 6 foizga yetishi kutilmoqda.

Jamg‘arma ekspertlarining fikricha, O‘zbekiston muhim islohotlarning ilk bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirdi, shu jumladan, valyuta muomalasi liberallashtirildi, soliq boshqaruvi isloh qilindi va davlat statistikasi tizimi tubdan yaxshilandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikning joriy masalalari ko‘rib chiqildi, uning samaradorligiga yuksak baho berildi.

Jamg‘armaning texnik ko‘magi tufayli yangi soliq siyosati va ma’muriyatchiligi konsepsiyasi ishlab chiqilib joriy etilgani, «Markaziy bank va valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasi tayyorlangani, O‘zbekiston Davlat budjeti ilk bor o‘rta muddatli asosda ishlab chiqilgani, mamlakatimiz XVJ statistika ma’lumotlari tarqatishning umumiy tizimiga qo‘shilgani ijobiy baholandi.

Prezidentimiz va XVJ boshqaruvchi direktori faol hamkorlikni, avvalo, pul-kredit siyosati, bank tizimi, soliq-budjet siyosati, to‘lov balansini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish sohalarida davom ettirishga kelishib oldilar.

Kristin Lagard Shavkat Mirziyoyevni mazmunli muhokama uchun minnatdorlik bildirdi hamda o‘zining 2019 yil iyun oyiga mo‘ljallangan O‘zbekistonga tashrifi davomida muloqotni davom ettirishga umid bildirdi.

— Siz O‘zbekiston aholisi farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman, — dedi Kristin Lagard.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring