Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbektelekom»ga munosabat o‘zgarmoqda: Ijobiy baho nisbati yarim yil ichida 28 foizdan 90 foizga oshgan

«O‘zbektelekom»ga munosabat o‘zgarmoqda: Ijobiy baho nisbati yarim yil ichida 28 foizdan 90 foizga oshgan

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 26-iyun kuni Aloqa tarixi muzeyida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing o‘tkazildi. Unda kompaniyada telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish sohasida yangi xizmatlarni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.

Foto: «Xabar.uz»

Wi-Fi foydalanuvchilari identifikatsiyalashtiriladi

Hozirgi kunda mamlakatimiz bo‘ylab Wi-Fi tarmoqlari faol rivojlanmoqda, ularning uzluksiz ishlashi uchun foydalanuvchilarni identifikatsiyalash va avtorizatsiyalash zarur. Shu munosabat bilan «O‘zbektelekom» AK hamkorlariga simsiz Wi-Fi tarmoqlari foydalanuvchilarini identifikatsiyalash va avtorizatsiyalash uchun yangi xizmat turini taklif etdi. Ushbu xizmat SMS-xabarlar avtorizatsiyasi tizimini va brendlangan sahifalarni o‘z logotipi bilan loyihalashtirish imkonini o‘zida jamlaydi.

Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 5326-sonli farmonining bajarilishi, shuningdek, taqdim etilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari doirasini kengaytirish maqsadida joriy etildi.

«Uz-IX» piring tarmog‘i loyihasi yo‘lga qo‘yildi

2017-2019 yillarda internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturini amalga oshirish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-avgust «Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 625-sonli qarorini amalga oshirish doirasida «O‘zbektelekom» AK «Uz-IX» piring tarmog‘i loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu piring tarmog‘i ommabop internet-resurslar va portallarni mahalliylashtirish, shuningdek, internet tarmog‘iga ulanish xizmatlarining arzonlashishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan yuqori sifatli milliy kontentni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni shakllantirish imkonini beradi.

ivi onlayn-kinoteatri bilan hamkorlik

Hozirgi kunda «O‘zbektelekom» AK litsenziyalangan eng yirik media-kontent kutubxonasi (filmlar, teleseriallar va multfilmlar)ga ega bo‘lgan ivi onlayn-kinoteatri bilan hamkorlikda qo‘shma loyihani tijorat maqsadlarida foydalanishga topshirdi. Ayni damda mahalliy televideniye kanallarining ivi onlayn-kinoteatriga joriy etish, shuningdek, o‘zbek filmlari va ko‘rsatuvlarini kinoteatr katalogiga joylashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Yetakchi media kontent provayderlar, masalan, Megogo, SPB TV va boshqalar bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar ham olib borilyapti.

Kompaniya abonentlar uchun o‘yinli kontentlarni taqdim etish maqsadida, kompyuter o‘yinlari sanoatining yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan ham muloqotga kirishgan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasida kontentlarni joylashtirish uchun Wargaming kompaniyasi bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. «O‘zbektelekom» AK Data-markazida Wargaming server installyasiyasi bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.

«O‘zbektelekom» AK 3-iyundan boshlab 100 Mbit/s.gacha tezlikka ega TURBO va TURBO NIGHT xizmatlarini yangiladi.

Shuningdek, butun O‘zbekiston bo‘ylab UZONLINE abonentlarida UZ-IX va TAS-IX tarmoqlariga 40 va 100 Mbit/s. tezlik bilan xizmatlarga ulanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Mazkur tezlik VDSL va FTTx texnologiyalaridan foydalangan abonentlar ulanishi mumkin.

Abonentlar uchun 50 foiz chegirma

Bundan tashqari, joriy yilning 3-iyundan 31-avgustgacha butun O‘zbekiston bo‘ylab TURBO va TURBO NIGHT xizmatlari uchun yozgi chegirmalar aksiyasi o‘tkazilmoqda. Endi abonentlar xizmatlardan 50 foiz chegirma bilan foydalanishlari mumkin!

Raqobat muhitida mijozlarni turli xizmatlar bilan jalb qilish mumkinligini kompaniya juda yaxshi biladi. Shu bois kompaniyaning «Axborot tizimlari» filiali tomonidan yuridik shaxslar uchun quyidagi xizmatlar ishga tushirildi:

  • Bulutli videokuzatuv
  • WEB-xosting
  • Co-location
  • Videokonferensaloqa.

«Virtual ofis» xizmati ham yuridik shaxslar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu xizmat yurtimiz tadbirkorlariga xodimlar shtati moliyaviy xarajatlarini kamaytirishga, shuningdek, xodimlar uchun bino ijarasi, ofis uskunalari va mebellar xarajatlarini tejashga imkon beradi. Bundan tashqari, xosting xizmatlarining turlaridan biri bo‘lgan – VDC (Virtual Data Center) yoki VPS (Virtual Private Server) kabi boshqa xizmat turlari ham joriy etiladi, ular doirasida foydalanuvchiga virtual ajratilgan server taqdim etiladi.

«Suzuvchi davr»

«O‘zbektelekom» AK bugungi kunda o‘z mijozlariga kontentni saqlash, uzatish va qayta ishlash xizmatlarini taqdim etish uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida, «Toshkent, Farg‘ona va Buxoroda ma’lumotlarni saqlash va uzatish markazlarini yaratish» loyihasini amalga oshirmoqda.

Abonentlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida «O‘zbektelekom» AK 2019 yil 15 maydan boshlab, jismoniy shaxslar uchun UZONLINE internet-xizmatlariga ulanishda abonent to‘lovlarini amalga oshirishning yangi tartibini joriy etmoqda, bunda hisob-kitob davri va to‘lov muddatlari «suzuvchi davr» tamoyili bo‘yicha o‘zgarishi mumkin.

Foto: «Xabar.uz»

Alisher Zufarov, «O‘zbektelekom» AK tijorat direktori v.v.b.:

– Bugungi kunda mijozlarimizga nafaqat qulay narxlardagi tariflar va yanada yuqori tezlikni, balki xizmatlar uchun to‘lovning «suzuvchi davr» qulay konvergent bilingni ham taklif qilyapmiz. Shuningdek, GPON optik texnologiyasiga o‘tishda yuz metr optik kabelni va hatto abonent uskunasini bepul taqdim qilamiz. Kompaniya hamkorlariga «Uz-IX» piring tarmog‘imizga ulanishni yoki mamlakatimizda Wi-Fi xususiy nuqtalarini qurishni xohlaganlar uchun simsiz Wi-Fi tarmog‘i foydalanuvchilarini identifikatsiya va avtorizatsiya qilish yangi xizmatidan foydalanishni taklif etyapmiz. Mijozlarimizga xizmat ko‘rsatish sifatini va xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish doimo e’tiborimizda bo‘ladi.

Munosabatlar o‘zgarmoqda

Telekommunikatsiya tarmoqlarining texnik modernizatsiyasi, yanada tezkor va arzon tariflar, yangi innovatsion xizmatlarning joriy etilishi, shuningdek, abonentlarning sodiqligini oshiruvchi ko‘p sonli aksiyalar iste’molchilarning kompaniyaga bo‘lgan munosabatlari o‘zgarishiga olib keladi. Masalan, Brand Analytics kompaniyasining tadqiqotlariga muvofiq, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari salbiy va ijobiy baholarining nisbati 2018-yil dekabrdan 28 foiz (ijobiy)dan, 2019-yil maygacha 90 foiz (ijobiy)gacha o‘zgardi.

Telekommunikatsiya tarmoqlarining modernizatsiyasi davom etmoqda. Tezlik o‘smoqda, tariflar tushirilmoqda, yanada yangi va talabgir telekommunikatsiya xizmatlari taklif etilmoqda!

Shuningdek, brifingda yaqin vaqt mobaynida axborotlarni himoya qilish vositalarini yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda biznesning asosiy ehtiyojlarini ta’minlaydigan – korxonaning raqamli faolligini himoya qilish, ularga raqamli muhitda xavfsiz ishlashda yordam beradigan yuqori texnologik, sifatli himoya vositalari joriy etilishi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Usmonjon Yo‘ldoshev,
«Xabar» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring