Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zdavkarantin» Qozog‘iston O‘zbekiston anorlariga vaqtincha taqiq qo‘ygani yuzasidan tushuntirish berdi

«O‘zdavkarantin» Qozog‘iston O‘zbekiston anorlariga vaqtincha taqiq qo‘ygani yuzasidan tushuntirish berdi

Foto:«Plodovie.ru»

Qozog‘iston Qirg‘izistondan olma, kartoshka, xurmo va O‘zbekistondan anor olib kirishni vaqtincha cheklov qo‘ygani xabar qilingandi.

«O‘zdavkarantin» axborot xizmati mazkur masala yuzasidan «Xabar.uz»ga izoh berdi.

«Qozog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan xabarda (20 fevral) qayd etilishicha, 2018-yil va joriy yilning yanvar-fevral oylarida Qirg‘izistondan Qozog‘istonga olib kirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari karantin ko‘rigidan o‘tkazilganda 465 ta holatda fitosanitariya talablari buzilganligi, jumladan, 59 holatda karantindagi zararli organizmlar mavjudligi aniqlangan.

Shuningdek, Qozog‘iston karantin xizmati O‘zbekistondan 2018-yilda ikki holatda (22-oktyabrda 684 kg va 31-oktyabrda 615 kg) jo‘natilgan anordan Komstok qurti borligi aniqlanganini ma’lum qilgan.

Xalqaro fitosanitariya nazoratini amalga oshirish tajribasiga ko‘ra, ko‘rik jarayonida o‘simlik va o‘simlik mahsulotlarida karantindagi zararli organizmlar aniqlansa, zudlik bilan eksport qiluvchi davlatning karantin xizmatiga ma’lum qilinadi.

Hozir nima sababdan Qozog‘iston karantin xizmati anordan Komstok qurti aniqlanganidan qariyb 120 kun o‘tib bu haqda ma’lum qilgani hamda ushbu mahsulot importiga vaqtincha ta’qiq qo‘ygani o‘rganilmoqda va muzokaralar olib borilmoqda» deyiladi tashkilot xabarida.

Aytish joizki, O‘zbekistonning anor mahsuloti asosan Rossiya bozorlariga yetkaziladi (ko‘p hollarda Qozog‘iston O‘zbekiston anorlarini Rossiyaga reeksport qiladi).

Shuningdek, O‘zbekiston esporterlariga hozirda anor mahsulotini Rossiya va boshqa mamlakatlarga Qozog‘iston hududi orqali tranzit tarzida olib o‘tishlarida hech qanday to‘siqlar mavjud emasligini ma’lum qilingan.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring