Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

PFL Superkubokni shouga aylantiradi

PFL Superkubokni shouga aylantiradi

Foto: «Pfl.uz»

Professional futbol ligasi O‘zbekiston Superligasi uchrashuvini yuqori saviyada tashkil etish yo‘lida «Samarqand darvoza» savdo-ko‘ngilochar markazi bilan kelishuvga erishdi, deb xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, Superkubok oldidan har ikki jamoa bosh murabbiylari hamda futbolchilari ishtirokidagi matbuot anjumani Toshkent markazida joylashgan «Samarqand darvoza»da bo‘lib o‘tadi.

Rejaga ko‘ra, Mirjalol Qosimov ham, Andrey Fyodorov ham matbuot anjumaniga jamoaning yetakchi futbolchilari bilan tashrif buyuradi. Bunda anjuman odatdagi ko‘rinishda emas, bayramona ruhda o‘tishi ko‘zda tutilgan. Mazkur jarayonni istalgan futbol muxlisi kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Superkubogi g‘olibiga topshiriladigan sovrin ham shu kuni «Samarqand darvoza»ga olib kelinadi. Istovchilar uning fonida futbolchilar hamda murabbiylar bilan suratga tushishlari mumkin. Shuningdek, 23-fevral kuni «Paxtakor» stadionida o‘tkaziladigan Superkubok o‘yini uchun PFL tashrif buyuruvchilarga bepul chiptalar taqdim etadi.

AGMK va «Lokomotiv» klublari muxlislari o‘z suyukli futbolchilaridan dastxat olish, ular bilan yuzma-yuz suhbatlashish imkoniyatga ega bo‘lishlari mumkin. Professional futbol ligasi muxlislarning millionlar o‘yiniga bo‘lgan mehrini qaytarish, ishqibozlar orasiga yanada yaqinroq kirib borish yo‘lida bu kabi tadbirlarni tez-tez amalga oshirishni rejalashtirgan.

Yozga qadar O‘zbekiston chempioni va kubogi sohiblari qabul qilib oladigan sifatli sovrin ham tayyor bo‘ladi. Mazkur sovrinlar butun mamlakat bo‘ylab aylanadi, ular birinchi navbatda muxlislar ko‘z o‘ngida namoyish etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring