Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident farmoni: «O‘zbekyengilsanoat» AJ faoliyati tugatilib, o‘rniga yangi uyushma tuzildi

Prezident farmoni: «O‘zbekyengilsanoat» AJ faoliyati tugatilib, o‘rniga yangi uyushma tuzildi

To‘qimachilik sanoati

Foto: «kun.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 14-dekabr kuni «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Farmomnda o‘tkazilgan o‘rganishlarda mamlakat to‘qimachilik sanoatining izchil rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan qator tizimli muammolar aniqlangani alohida ta’kidlab o‘tildi:

— birinchidan, tarmoqning yetarli salohiyatiga qaramasdan, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotni ishlab chiqarishda uyg‘unlashgan texnologik zanjirning mavjud emasligi sababli 2017 yilning birinchi yarim yilligida ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi atigi 4,6 foizni tashkil etdi;

— ikkinchidan, to‘qimachilik sanoatining boshqaruv tizimi tarmoqning zamonaviy rivojlanish tendensiyalariga javob bermaydi, bu esa hal etilmagan muammolarning to‘planib qolishiga olib kelmoqda hamda uning jadal modernizatsiya qilinishiga to‘sqinlik qilmoqda;

— uchinchidan, milliy standartlar va to‘qimachilik mahsulotlarining sinovlari bo‘yicha laboratoriyalarning xalqaro standartlar va talablar bilan uyg‘unlashtirish ishlarining qoniqarsizligi, shuningdek, sifat menejmenti zamonaviy tizimlarini joriy etishning past darajada ekanligi mahalliy mahsulotlarni yirik xorijiy savdo bozorlariga chiqarishga, eksport salohiyatini yuksaltirishga hamda mahsulotlar sifati va xavfsizligiga bo‘lgan ishonchni oshirishga to‘siq bo‘lmoqda;

— to‘rtinchidan, tarmoqqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasi mavjud muammolarni tizimli tahlil qilish va to‘qimachilik sanoati rivojlanishining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash uchun shart-sharoit yaratmayapti;

— beshinchidan, xom ashyo va ishlab chiqarish resurslarining nooqilona taqsimlanishi, logistika va muhandislik infratuzilmasini tashkil etishdagi kamchiliklar ishlab chiqarish quvvatlari ancha qismining to‘xtab qolishiga, iqtisodiy yo‘qotishlarga va oqibatda mahsulotlar tannarxining oshishiga, shuningdek, ishlab chiqarish rentabelligining pasayishiga olib kelmoqda;

— oltinchidan, to‘qimachilik yarim tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilishning barqaror ustunlik qilishi, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va jahon bozorlarida munosib raqobatlashishga qodir bo‘lgan milliy brendlarni shakllantirishning yetarli darajada emasligi to‘qimachilik sanoati korxonalari daromadlarini oshirish imkonini bermayapti;

— yettinchidan, kadrlar tayyorlash tizimi to‘qimachilik sanoatining real ehtiyojlariga javob bermaydi, tarmoqni rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha o‘qitishning innovatsion yo‘nalishlarini joriy etish va ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish yuzasidan xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan.

Mazkur farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi va vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlar rahbarlari «Yo‘l xaritasi»da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishiga shaxsan javobgar etib belgilandi.

Shuningdek, 2018 yil paxta hosilidan boshlab, eksperiment tartibida mahalliy to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan (keyingi o‘rinlarda fermer xo‘jaliklari deb yuritiladi) paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berish, shu jumladan, quyidagi shartlarni nazarda tutuvchi tizim joriy etildi:

— xarid qilinadigan paxta navi va hajmi, uni yetkazib berish muddatlari hamda tartibi fermer xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati korxonasi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi;

— paxta xom ashyosini dastlabki qayta ishlash paxta tozalash korxonasi tomonidan qayta ishlash asosida yoxud to‘qimachilik korxonasi tomonidan xususiy yoki ijaraga olingan paxta tozalash korxonasida amalga oshiriladi;

— to‘qimachilik sanoati korxonalari fermer xo‘jaliklarining xarajatlarini (chigit, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, ish haqini to‘lash va ko‘rsatilgan xizmatlarga haq to‘lash xarajatlari, boshqa sarf-xarajatlar) tuzilgan shartnoma qiymatining kamida 60 foizini avans berish yo‘li bilan moliyalashtirishni amalga oshiradi;

— to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan xarid qilinadigan paxta xom ashyosi narxi fermer xo‘jaliklarining haqiqiy xarajatlarini va rentabelligini tahlil qilishdan kelib chiqib, shartnoma asosida belgilanadi va davlat ehtiyojlari uchun o‘rnatilgan narxlardan past bo‘lmasligi lozim;

— to‘qimachilik sanoati korxonalari olingan chigitni shartnoma asosida yog‘-moy korxonalariga, qo‘shimcha mahsulotlarni (lint, o‘lik paxta) boshqa iste’molchilarga realizatsiya qiladi;

— to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan xarid qilingan paxta xom ashyosidan faqatgina uni keyinchalik chuqur qayta ishlash uchun foydalaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

— 2018-yil 10-yanvarga qadar muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari ishtirokchilari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berish tizimiga kiritilayotgan eksperimentni hisobga olgan holda, paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalarining fermer xo‘jaliklari bilan o‘rnatilgan tartibda qayta tuzilishini;

— 2018-yil 15-yanvarga qadar muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berishning kiritilayotgan tizimini hisobga olgan holda, paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalari fermer xo‘jaliklari bilan qayta tuzilishidan kelib chiqib, eksperiment o‘tkazish uchun hududlar va yer uchastkalari maydonlarining belgilanishini;

— to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga shartnoma tuzgan fermer xo‘jaliklarini aniqlashni hisobga olgan holda, 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari balansi shakllantirilishini;

— 2018-yil 15-yanvarga qadar muddatda 2018-yil hosilining paxta xom ashyosi uchun davlat xaridi narxi belgilanishini;

— qayta tuzilgan shartnomalarni hisobga olgan holda, 2018-yil 20-yanvarga qadar muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari ishtirokchilari bilan paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalari bilan qamrab olinmagan fermer xo‘jaliklari kesimida 2018-yil hosilining paxta xom ashyosi ekilishi uchun «O‘zpaxtasanoat» AJ buyurtmasining hajmi aniqlanishini ta’minlaydi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, to‘qimachilik sanoati korxonalari, «O‘zbekyengilsanoat» AJ aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari uyushmasini («O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi) tashkil etildi. «O‘zbekyengilsanoat» AJ uning mol-mulklari va davlatga tegishli boshqa mablag‘lari, shuningdek, debitor qarzdorligini keyinchalik «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga beg‘araz o‘tkazish orqali tugatildi.

To‘qimachilik sanoati korxonalari — «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi a’zolari 2021-yil 1-yanvarga qadar muddatda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan paxta, sun’iy va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa materiallar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi.

Bundan tashqari, qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori sifatli mahsulotlarni yagona «Uztextile» belgisi bilan eksport qiladi. «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga davlat bojini to‘lamagan holda uyushma a’zolarining manfaatlarini ko‘zlagan holda davlat organlari va boshqa tashkilotlar qarorlari, ushbu organlar mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi ham berildi.

Farmon bilan «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, A.Avloniy ko‘chasi, 20-uy manzili bo‘yicha bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirildi.

Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Z.Mirzayev, N.Otajonov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.Abdullayev zimmasiga yuklandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring