Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Prezident kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Foto: Prezidentning matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-oktyabr kuni kimyo sanoatini jadal rivojlantirish, tarmoqqa xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kimyo sohasi – zamonaviy sanoatning «katalizatori» bo‘lib, har qanday ishlab chiqarish negizida kimyoviy jarayonlar yotadi, bu sohasiz iqtisodiyotda taraqqiyot bo‘lmaydi.

O‘zbekiston zaminida Mendeleyev jadvalidagi barcha kimyoviy elementlar mavjud, mamlakatimiz uglevodorodlarga boy bo‘lsa-da, kimyo sanoatimiz asosan qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘it ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Qurilish materiallari, farmatsevtika, tekstil, mashinasozlik kabi tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan murakkab polimerlar, katalizatorlar, reagentlar va sintetik tolalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan.

Buning oqibatida har yili 1,5 milliard dollarlik kimyo mahsulotlari import qilinmoqda. Ishlab chiqarilayotgan fosfor va kaliyli mineral o‘g‘itlar ham mavjud talabning faqat uchdan birini qoplaydi, xolos.

Murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish quvvatlari 60-70 foizga eskirgani energiya resurslarining ortiqcha sarflanishi, kimyo mahsulotlari tannarxining asossiz oshishiga olib kelmoqda.

O‘tgan yildan boshlab, mineral o‘g‘itga talabni qondirish uchun 3,1 milliard dollarlik 17 ta investitsiya loyihasi amalga oshirila boshlandi. Bundan tashqari, kimyo sanoati mahsulotlarini diversifikatsiya qilish maqsadida 2025-yilgacha 4,2 milliard dollarlik yana 17 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi.

Shuning uchun, kimyo tarmog‘iga xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, mahsulot hajmi va turini ko‘paytirish, sohaning eksport salohiyatini oshirish «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatining muhim va ustuvor vazifasi bo‘lishi zarur.

Yig‘ilishda tarmoqdagi kamchiliklarni bartaraf etish va kimyo sanoatini yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Foto: Prezidentning matbuot xizmati

Ta’kidlanganidek, tarmoqni rivojlantirish uchun yangi zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish zarur.

Bugungi kunda mamlakatimizda azotli o‘g‘itlarga talab 73 foiz, fosforli o‘g‘itlarga — 20 foiz ta’minlanmoqda. Azotli o‘g‘it ishlab chiqarish quvvatlarining o‘rtacha eskirish darajasi 64 foizni, fosforli o‘g‘it bo‘yicha — 77 foizni tashkil qiladi.

Sohadagi vaziyatni yaxshilash maqsadida kelasi 5 yilda umumiy qiymati 2,8 milliard dollar bo‘lgan 9 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, buning natijasida mineral o‘g‘it va sulfat kislotasi ishlab chiqarish hajmi 2 barobar ko‘payadi. Azotli va kaliyli o‘g‘itlarga talab to‘la qoplanadi, fosforli o‘g‘itlarga talabni qondirish darajasi bir necha barobar oshiriladi.

Ayni paytda tabiiy gazning bor-yo‘g‘i 14 foizi, jumladan, kimyo tarmog‘ida 5 foizi chuqur qayta ishlanmoqda. Kremniy, kaolin va gips xomashyosidan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish e’tibordan chetda qolmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan noo‘g‘it mahsulotlar, asosan polietilen, polipropilen, polistirolga xorijiy davlatlarda 100 milliard dollardan ortiq hajmda ehtiyoj mavjud. Bu esa biz uchun yaxshi imkoniyat.

Shu sababli, kimyo sanoatida mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish uchun organik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha 15 ta va noorganik moddalar bo‘yicha 8 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Prezidentimiz mutasaddi rahbarlarga ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Kimyo sanoatida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlash lozim. Shu bois yig‘ilishda «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy ahvolini yaxshilash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan birga, sohaga innovatsiyalar umuman joriy qilinmagani, ilm-fan salohiyatidan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Shuning uchun Koreya kimyo-texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) bilan hamkorlikda Toshkent kimyo texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti negizida ilmiy-tadqiqot, loyihalash va muhandislik, kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan markaz barpo etishni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mutasaddilarga belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqib, uning ijrosini muntazam muhokama qilib borish topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring