Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Soliq va prokuratura idorasi xodimlari qulog‘iga quyib olsin…»

Shavkat Mirziyoyev: «Soliq va prokuratura idorasi xodimlari qulog‘iga quyib olsin…»

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-fevral kuni soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingan edi. Yangi soliq tizimini joriy qilish bo‘yicha respublika shtabi hamda hokimliklar huzurida hududiy shtablar tuzilib, joylarda tegishli tashkiliy va tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tayotgan korxonalar soni 5 barobar oshdi.

Joriy yilning yanvar oyida budjetga tushumlar bo‘yicha prognoz barcha hududlarda bajarildi. Yanvar oyida inflyasiya darajasi yillik hisobda 13 foizni tashkil etib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichdan oshmadi. Bu valyuta bozori liberalizatsiyasidan keyingi davrdagi yillik inflyasiyaning eng minimal ko‘rsatkichidir. Bu esa amalga kiritilgan yangi soliq konsepsiyasi iqtisodiy va huquqiy jihatdan asosli ekanini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda soliq idoralari ayrim xodimlarining malakasi, kasb mas’uliyati talab darajasida emasligi, oqibatda jiddiy kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

Masalan, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida umumbelgilangan soliq to‘lash tizimiga o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlariga maslahat berish uchun soliq inspektorlari nomiga biriktirilgan.

Yig‘ilishda yangi soliq tizimini joriy etishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlariga intizomiy choralar ko‘rildi.

– Soliq va prokuratura idorasi xodimlari qulog‘iga quyib olsin: bu yil yangi soliq tizimining tartib-qoidalari va hisob-kitoblari tadbirkorlar ongida to‘liq shakllanmaguncha, ularni jazolashga, jarimaga tortishga umuman yo‘l qo‘yilmasin. Aksincha, ular tadbirkorlarga maslahatchi va ko‘makchi bo‘lib, soliqlarni aniq hisoblash va to‘lashda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Soliq xodimlari malakasini oshirish, soliq to‘lovchilarga hisobotlarni shakllantirish va hisob-fakturalarni to‘ldirish tartiblarini o‘rgatish masalalari muhokama qilindi.

Ayrim tadbirkorlar yangi soliq tizimini qo‘llash bo‘yicha yetarli bilimga ega emasligi tufayli tovarlarga asossiz ravishda qo‘shimcha ustamalar hisoblash hollari uchramoqda. Bu iste’mol bozorida narx-navoga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

Shu bois respublika shtabiga hududlarga chiqib, joylarda narx-navo oshishi sabablarini doimiy tahlil qilish, ularning asossiz o‘sishining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Yangi soliq tizimi bo‘yicha yuzaga kelayotgan ko‘plab savollarga javob topish uchun uchrashuvlar, ommaviy axborot vositalarida maxsus efirlar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Videoselektorda soliqlar to‘lovini amalga oshirishda noqonuniy holatlar ayrim misollar asosida muhokama qilindi. Yirik ishlab chiqaruvchilar, importyorlar va ulgurji savdo tashkilotlari tomonidan sotilayotgan tovarlar harakatini tahlil qilib, naqd pulsiz hisob kitob-qilish ko‘lamini kengaytirish, buning uchun elektron hisob-faktura tizimini tezroq joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Soliq idoralariga joylardagi boqimanda qarzdorlikni undirish, daromadlarning ichki zaxiralarini izlash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Jumladan, Davlat soliq qo‘mitasi huzurida yirik soliq to‘lovchilar va importyorlar bilan ishlaydigan hududlararo inspeksiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

– Qanchalik murakkab bo‘lmasin, boshlagan islohotlarimizni oxirigacha yetkazishimiz zarur. Lekin targ‘ibot-tushuntirish ishlarini bahona qilib, o‘rganishlarni tekshiruvga aylantirishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Halol tadbirkor doimo davlat himoyasida, mening himoyamda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektorda yana bir muhim masala – tomorqadan samarali foydalanish va bahorgi ekin ekish ishlari ham muhokama qilindi.

 Yurtimiz bo‘yicha 328 mingta xonadondagi 20 ming gektar tomorqadan samarali foydalanilmayapti.

Shu bois bu yil mart-aprel oylarida tomorqaga ekin ekish ishlari yangi tizimda, keng jamoatchilik ishtirokida tashkil qilinadi. Xalq qabulxonalari rahbarlari mahalla raislari bilan birga uyma-uy yurib, aholi talablari asosida ularga ko‘mak beradi. Mahalliy budjetlar zaxira jamg‘armasidan 40-50 million so‘mdan mablag‘ ajratilib, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bozorbop sabzavotlar urug‘i, meva va tok ko‘chatlari yetkazib beriladi.

Fermerlar kengashi,  «Mahalla» xayriya jamoat fondi salohiyatli fermerlar yordamida aholining foydalanilmayotgan tomorqalarini ekishga tayyorlash va bozorbop ekinlar ekishni tashkil qiladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan tomorqasi bor ishsiz fuqarolarga issiqxonalar tashkil etish, urug‘lik va ko‘chat olish uchun eng kam ish haqining 10 barobarigacha miqdorda subsidiya ajratadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, tumanlar va shaharlar 4 ta sektor rahbarlari har bir hududning o‘ziga xos xususiyatini hisobga olib,  «bir mahalla - bir mahsulot» tamoyili asosida har bir mahallani meva-sabzavot yetishtirish, kichik issiqxonalarni tashkil qilish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, kurkachilik kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashtirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘radi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring