Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident «shahar ichidagi shahar»ni yana bir bor ko‘zdan kechirdi

Prezident «shahar ichidagi shahar»ni yana bir bor ko‘zdan kechirdi

«Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazi

Foto: «Mytashkent.uz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘ida bunyod etilayotgan «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazining takomillashtirilgan loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28 oktyabr kuni «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazi barpo etilayotgan hududda bo‘lib, buyurtmachi va quruvchilar oldida turgan vazifalar, tashkiliy va moliyaviy masalalarni joyida muhokama qilgan, loyihalarni yanada takomillashtirish, qurilishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Davlat rahbari topshiriqlar ijrosi yuzasidan takomillashtirilgan loyihalarni yana bir bor ko‘zdan kechirdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-iyuldagi «Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mehmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzurida «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi ob’yektlarni qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha direksiya tuzilgan.

Prezident xalqaro ishbilarmonlik markazining ma’muriy binosida bo‘ldi. Bu yerda yaratilayotgan loyihalar, ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

«Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazining takomillashgan konsepsiyasiga ko‘ra, bino va inshootlar turli qurilish tashkilotlari tomonidan barpo etilmoqda. Loyihalarni mamlakatimiz ishbilarmonlari Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning investorlari bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

Prezident qurilishga jalb qilingan investorlar bilan suhbatlashdi. Ularning fikrlari va tashabbuslari bilan qiziqdi.

«Shahar ichidagi shahar», deya e’tirof etilayotgan markaz qurilishi ikki bosqichda yaqin to‘rt yilda yakuniga yetkaziladi.

Prezident «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazida qurilayotgan bino va inshootlarning bir-biriga uyg‘un bo‘lishi, dizayn jihatidan biri ikkinchisini to‘ldirishi kerakligini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring