Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya moliya vazirini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya moliya vazirini qabul qildi

Foto: Prezident.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-mart kuni ikki tomonlama idoralararo maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri Anton Siluanovni qabul qildi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar, erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi chora-tadbirlar mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, ko‘p qirrali, shu jumladan, moliyaviy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Bugungi kunda ikki mamlakat moliya vazirliklari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida yaqin o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, yuqori toifada va ekspertlar darajasidagi o‘zaro tashriflar va ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilmoqda, ilg‘or tajriba va bilim almashish borasida faol ish olib borilmoqda, qo‘shma dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuvda moliyaviy sohadagi samarali muloqotni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident.uz

Moliya, soliq va bojxona organlarini modernizatsiya qilish, mahalliy budjetlar daromadlarini oshirish va mutanosibligiga erishish, moliyaviy nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ilg‘or tajriba, texnologiyalar va bilimlarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yirik savdo va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Moliya vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va hukumati Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Foto: Prezident.uz

Anton Siluanov Rossiya mamlakatlarimiz o‘rtasida moliyaviy sohadagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdorligi, bu boradagi sheriklikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring