Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi

Prezident «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi

Kecha, 12-aprel kuni Prezident Shavshat Mirziyoyev «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Farmon matni O‘zAda keltirilgan.

Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining taklifiga asosan «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasini «Jizzax» EIZ Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi filiali va Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi kichik sanoat zonasi negizida tashkil etildi.

«Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

— Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalangan holda mahalliy mineral-xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish;

— meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy investitsiyalarni, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish;

— erkin iqtisodiy zona korxonalari o‘rtasida hamda boshqa mahalliy korxonalar bilan mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish asosida mahalliy xom ashyo va materiallardan yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;

— «Sirdaryo» EIZ hududida ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, ushbu hududda sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;

— erkin iqtisodiy zonalarning soha kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etishda va ularning erkin iqtisodiy zonada joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashida qatnashish.

Farmonga muvofiq, «Sirdaryo» EIZ tarkibiga kiritilgan yer maydonlari Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashining bevosita tasarrufida bo‘lishi, uning faoliyat yuritish muddati 30 yilni tashkil etishi va bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkinligi, «Sirdaryo» EIZ faoliyat yuritadigan muddat davomida uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qilishi hamda «Sirdaryo» EIZ ishtirokchisi maqomi Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashining qarori bilan berilishi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda Sirdaryo viloyatining mavjud mineral–xom ashyo resurslarini inobatga olgan holda, «Sirdaryo» EIZ hududida import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha aniq takliflar – «yo‘l xarita»lari ishlab chiqilishini ta’minlash vazifasi topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring