Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Xonobod harbiy aerodromiga borib, uchuvchilar bilan suhbatlashdi

Prezident Xonobod harbiy aerodromiga borib, uchuvchilar bilan suhbatlashdi

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida ayni paytda Qashqadaryo viloyatida bo‘lib turibdi. 

Viloyatga tashrifi chog‘ida davlat rahbari Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromiga tashrif buyurdi. Uchuvchilar bilan muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Telegram»dagi rasmiy kanalida xabar berildi

Shavkat Mirziyoyev shu yilning 11-yanvarida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisidagi ma’ruzasida bundan buyon qaysi hududga xizmat safariga boradigan bo‘lsa, birinchi kuni joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qanday borayotgani bilan tanishishini, ikkinchi kuni esa, shu hududdagi harbiy-ma’muriy sektorlardagi ahvolni har tomonlama o‘rganib chiqishini ma’lum qilgan, hokimlar, okrug qo‘mondonlari va boshqa tegishli mutasaddi rahbarlar buni albatta e’tiborga olishi lozimligini ta’kidlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni Qashqadaryo viloyatiga jo‘nab ketgan edi. Tashrif davomida O‘zbekiston Prezidenti Yakkabog‘ tumanidagi «Darmon farm» xususiy korxonasiga qarashli «Darmon sharbati» meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi ish jarayoni bilan tanishdi, viloyatda bu kabi korxonalarni ko‘proq tashkil etish, tadbirkorlarga eksportni o‘rgatish masalasiga e’tibor qaratib: «Tadbirkorlarni eksportga o‘rgatish, buning uchun biznes-inkubatorlar tashkil etish, eksport muhitini yaratish zarur»ligini ta’kidlagani haqida xabar bergan edik.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev «Dorut tilovat» majmuasi hamda Abu Muin Nasafiy maqbarasini ziyorat qildi, Shahrisabz shahridagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lib, mazkur bog‘cha misolida Shahrisabz shahrida yana 25 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etish, bog‘cha mudirasi Shahnoza Xolmahmatovaga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobil sovg‘a qilish bo‘yicha topshiriq berdi, joriy yil 1-avgustgacha «Afrosiyob» poyezdi qatnovini Shahrisabzgacha yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berdi, Shahrisabz shahar va tumanida mehnat bozorini barqarorlashtirish, ishsizlarni kasbga o‘qitish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring