Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentdan yangi qaror: endi dori vositalari arzonlashadi

Prezidentdan yangi qaror: endi dori vositalari arzonlashadi

Foto: «Farg‘ona Dori-Darmon» AJ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 23-yanvar kuni «Dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish hamda olib kirishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, korxonaning o‘zi tomonidan tayyorlangan dorivor moddalar (substansiyalar) va butlovchi buyumlardan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish to‘liq texnologik sikl bo‘yicha dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish hisoblanadi.

Korxonaning o‘zi tomonidan tayyorlanmagan dorivor moddalar (substansiyalar) va butlovchi buyumlardan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish to‘liq bo‘lmagan texnologik sikl bo‘yicha dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish hisoblanadi.

Dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida qadoqlash, iste’mol o‘rami va markirovka qilishdan tashqari barcha texnologik bosqichlardan o‘tgan har qanday qadoqlanmagan dori vositasi yoki tibbiyot buyumi «in bulk» mahsulot deb e’tirof etiladi.

Shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlari to‘liq yoki to‘liq bo‘lmagan texnologik sikl bo‘yicha ishlab chiqarilgan taqdirda ular mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti deb e’tirof etiladi.

Dori vositalari va tibbiyot buyumlari yuqoridagi mezonga muvofiq bo‘lmagan yoki «in bulk» mahsulot asosida ishlab chiqarilgan hollarda, ular mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti deb e’tirof etilmaydi.

Markirovka qilish va o‘rashdan tashqari korxonaning o‘zi tomonidan barcha yoki alohida butlovchi va texnologik qismlarni ishlab chiqarish yoxud markirovka qilish va o‘rashdan tashqari butlovchi va texnologik qismlarni, shu jumladan, import qilinayotganlarni yig‘ish yo‘li bilan ishlab chiqarish tashkil etilgan hollarda tibbiyot texnikasi mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti deb e’tirof etiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2018-yil 1-fevralga qadar xorijiy dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarning ro‘yxatdan o‘tish hujjatlariga, ularning arizasiga muvofiq, yig‘im undirmagan holda «in bulk» mahsulotning o‘rami va markirovkasi haqidagi ma’lumotni ko‘rsatishga oid qismiga o‘zgartirish kiritadi.

2018-yil 1-martga qadar dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti deb topish nuqtai nazaridan ishlab chiqarish texnologik auditdan o‘tkaziladi.

2018-yil 15-apreldan boshlab dori vositalari va tibbiyot buyumlarining «in bulk» mahsulotni import qilishda, ro‘yxatdan o‘tgan to‘liq yoki to‘liq bo‘lmagan texnologik sikl bo‘yicha ishlab chiqariladigan xuddi shunday mahalliy mahsulotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilmaydi.

Dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga «in bulk» mahsulot asosida tayyorlangan mahsulotlar qismiga, ro‘yxatdan o‘tgan xuddi shunday mahalliy mahsulotlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar 2019-yil 1-yanvarga qadar saqlab qolinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring