Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentning xavotiri o‘rinli — Hokim

Prezidentning xavotiri o‘rinli — Hokim

Bugun Namangan shahar xalq deputatlari kengashining o‘n to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi ko‘rib chiqilgan sessiya davomida Namangan shahar hokimi Olimjon Isayev hisobot berib o‘tdi.

— Oziq-ovqat xavfsizligi borasida ish boshlash oldidan eng avvalo tadbirkorlar bilan suhbatlashdik. Namanganda aholi ehtiyoji uchun lozim bo‘lgan barcha mahsulotlar har doim tadbirkorlar tomonidan yetkazib berilgan. Import hisobiga ta’minlanadigan shakar, kartoshka va boshqa mahsulotlar ham tadbirkorlar zimmasida.

Biz o‘rganish davomida tadbirkorlarga zaxira tashkil etish uchun kredit taklif etdik. Ammo ular mablag‘ borasida muammo yo‘qligini aytishdi va narxni tushirish bo‘yicha takliflar berishdi. Biz bu takliflarni hal qilish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz.

Namanganda ikki-uchta yirik parrandalik fermalari bor. Go‘sht masalasida Namanganda muammo bo‘lmasligi lozim. Shuningdek ijtimoiy sohalar ham to‘liq o‘rganib chiqildi. Masalan, maktabgacha ta’lim muassasalari oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha autsorsingga o‘tilgan. Ular bilan suhbatlashdik, zaxira borasida hech qanday muammo yo‘q.

Prezidentning xavotiri o‘rinli, qishlik ehtiyojni hozirdan tayyorlab qo‘yish lozim. Hozir pandemiya tufayli butun dunyo inqirozda. Biz to‘g‘ri xulosa chiqarib, lozim bo‘lgan ishlarni amalga oshirishimiz kerak.

Hokimlik tomonidan barcha oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi tayyorlab qo‘yilgan va strategik zaxira sifatida ushlab turiladi. Aholini tadbirkorlar to‘liq ta’minlay olishiga ishonamiz, nasib qilsa bozorlarimizdan mahsulot uzilmaydi. Mabodo biror taqchillik ro‘y bergan taqdirda ham 10-15 kunga yetadigan zaxiramiz bo‘ladi. Bu vaqt ichida kerakli mahsulotni yetkazib kelamiz. Budjetdan ortgan mablag‘ning 500 milliondan bir milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi ushlab turiladi.

Namangan shahrida 1000 gektardan ortiq dehqonchilik qilinadigan yerlar bor. O‘sha yerlarda yetishtirilgan hosil savdoga chiqqariladigan oziq-ovqat shahobchalari qurilmoqda.

Qishda oziq-ovqat narxi oshishi normal holat. Chunki mahsulot tannarxiga saqlash va boshqa harajatlar qo‘shiladi. Bozor iqtisodi talablari shunaqa. Biz bu qonunga bo‘ysunishimiz va tadbirkor faoliyatiga aralashmasdan, narx qimmatlab ketmasligi chora-tadbirlarini ko‘rishimiz kerak.

Bizning vazifamiz — bozor ishiga sun’iy ta’sir ko‘rsatmasdan, qimmatlab ketishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar zaxirasini tashkil etishdan iborat. Biror narsa qimmatlasa narx tushishi uchun zaxiradagi mahsulot savdoga chiqariladi.

Bozor mexanizmiga tashqaridan aralashish yaramaydi. Tadbirkorga borib narxni tushir, deyishga bizning haqqimiz yo‘q. Faqat zaxirani savdoga chiqarish orqali bozorni to‘yintirish va vaziyatni barqarorlashtirish lozim. Maqsad — yog‘ va go‘sht sotayotganni kasodga uchratish emas, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish.

Biz ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan aholini himoya qilamiz. Buning uchun resurslarimiz bor. Bozor esa o‘z qonunlariga ko‘ra ishlashi lozim, — deydi Namangan shahar Olimjon Isayev.

Sessiya davomida Namangan shahar prokurori Bahrom Yo‘ldoshev tomonidan oziq-ovqat ta’minotini yaxshilashda o‘z taklifini bildirdi.

«Karantin vaqtida oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etilgandi. O‘sha vaqtda qo‘shimcha zaxira yaratish tajribasini yaxshigina o‘zlashtirdik. Hozirda bir qator mahallalarda qo‘shimcha bozorlar tashkil etilgan.

Shu o‘rinda bozorlar masalasida bitta taklif kiritmoqchiman — Namangan shahrida uchta bozor bor va barchasining rahbari shu yerda o‘tiribdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazish — dehqonning ishi. Ammo u o‘z mahsulotini o‘zi sota olmaydi, olibsotarlar qo‘liga berib qo‘yadi. Shu muammoning oldini olish uchun dehqon va fermerlarga bozorlarda rastalar ajratib berishni taklif qilaman. Shuningdek joy uchun to‘lov borasida ham imtiyoz joriy etsak yaxshi bo‘lardi.

Hozir vaziyat shundayki, bozordagi aksariyat joylarni olibsotarlar egallab olgan. Ular 4-5 tagacha rastaga joylashib olganini ham ko‘rish mumkin. Agar dehqon ham ular qatori mahsulotini sota olsa, narx sun’iy oshishining oldini olgan bo‘lardik. Dehqon bozorda sharoit bo‘lmagani uchun o‘z mahsulotini o‘tkaza olmaydi. Natijada uning mahsuloti olibsotarlar tomonidan olib qo‘yiladi. Mana shunday dehqonlarga yordam bersak to‘g‘ri bo‘lar edi, — dedi prokuror.

Sessiya yakunida jurnalistlar va deputatlar to‘rtta sektor rahbariga tegishli savollar bilan murojaat qilishdi. Muloqot davomida Namangan shahrida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilgani ma’lum qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring