Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Professor shaxmatning vatani O‘zbekiston ekanini aytdi

Professor shaxmatning vatani O‘zbekiston ekanini aytdi

Foto: O‘zA

«Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti professori, arxeolog Yuriy Buryakov shaxmat tarixida yangilik yaratdi. Arxeolog 1990-yil Samarqand yaqinidagi shaharning qadimiy qismi Afrosiyobda olib borilgan qazishma davomida fil suyagidan yasalgan 7 dona shaxmat haykalini topgan. Bu shu davrgacha dunyo miqyosida eng to‘liq to‘plamdagi topilma hisoblanadi», — deb iqtisod fanlari doktori, professor Bahodir Umurzoqov. Uning maqolasi O‘zAda e’lon qilindi.

Maqolada aytilishicha, 1996-yilda yaponiyalik arxeologlar mamlakatimiz janubidagi qadimiy Dalvarzintepa hududida Kushon imperiyasi davriga oid ikkita noyob shaxmat haykalchasini topgan. Bu miloddan avvalgi II asrda qadimiy O‘zbekistonda shaxmat o‘yini bo‘lganini anglatadi.

O‘zbekiston janubidagi ushbu tarixiy topilma shaxmat o‘yini tarixiga bo‘lgan qarashni o‘zgartirdi. O‘zbekistonda shaxmat haykalchalari hunarmandlar yashagan uylar, hammomlar xarobalarida olib borilgan qazishmalardan topilgani shaxmat keng aholi qatlami orasida ham mashhur bo‘lganini yaqqol tasdiqlaydi.

Shaxmatning O‘zbekistonda paydo bo‘lganini isbotlovchi yana bir misollardan biri – uning nomlanishidir.

Tarixdan ma’lumki, Hindistonda II asrdan XVI asrgacha shoh va podshohlar bo‘lmagan. Buyuk Boburiylar sulolasiga qadar Hindistonda rajlar hukmdor sanalgan. Shu bois, shaxmat nomining kelib chiqishi hind tiliga taalluqli bo‘lishi biroz shubhali. So‘zning ikkinchi bo‘g‘ini bo‘lmish «mot» so‘zi ham o‘zbek tilida «chorasiz holat» degan ma’noni anglatadi.

Arxeolog Yuriy Buryakov Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Toshkentda shaxmat o‘yini keng tarqalganini, bu Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab tuyalar karvoni yurgan yo‘nalishlarga to‘g‘ri kelishini qayd etgan.

Arxeolog shaxmat o‘yinining mumtoz tarixi bo‘yicha, shaxmatni buddizm rohiblari emas, qadimgi Samarqand shahrining savdogarlari tarqatgan, deb hisoblaydi. Ular Sharqda o‘z vakolatxonalariga asos solgan bo‘lib, bu hudud Sibirning janubi va Xitoyni, G‘arbda Misrgacha bo‘lgan yerlarni qamrab olgan.

Yuriy Buryakovning fikricha, bu o‘yin Yevropaga arablar orqali emas, bulg‘orlar tomonidan yetkazilgan. Ularning dastlabki vatani Volgabo‘yi bo‘lib, tarixdan Samarqand va Buxoro bu o‘lka bilan yuz yillar davomida yaqin iqtisodiy aloqalarni o‘rnatgani ma’lum. Qadimgi bulg‘orlarning X asrga oid «Kormchiyata» kitobida muallif sharqiy tillarga oid «shaxmat» – «shohga o‘lim» iborasini qo‘llagani bunga yaqqol misoldir. Demak, shaxmat Volgabo‘yi orqali Qadimiy Rusga yetib borgan.

Manbalarga ko‘ra, qadimda hind va arab shaxmat o‘yinida qora va qizil rangli toshlar o‘ynagan. Ushbu o‘yin G‘arbga ko‘chgach, o‘yinchilar oq va qizil rangli haykalchalar bilan o‘ynay boshlaydi. XIII asrda din ta’siri ostida hamda Aristotel nazariyasi bo‘yicha bu ranglar oq va qoraga o‘zgaradi. Shaxmat maydoni haqida so‘z yuritilganda esa, boshida qizil-qora yoki qizil-oq rangli katakchalardan iborat shaxmat taxtasi bo‘lgan, degan taxmin ham mavjud. Hatto bu o‘yin uchun maxsus taxta o‘ylab topilmasdan avval toshga bo‘r yoki yerga qo‘l yordamida vertikal va gorizontal chiziqlar chizib ham shaxmat o‘ynalgani haqida aytiladi.

Bundan tashqari, o‘yinga bo‘lgan yondashuvdan ham shaxmatning vatani Sharq ekanini anglash qiyin emas. Ma’lumki, musulmon va nasroniylar jangda turli yurishlarni qo‘llagan. O‘rta asr nasroniylari uchun jang kichik guruhlar o‘rtasidagi adog‘i yo‘q tortishuvlar, to‘xtovsiz hujumlar, tasodifiy bosqinchiliklarni ifodalagan. Ular uchun g‘alaba emas, jang jarayoni muhim sanalgan. Shu bois ham, shaxmat o‘yini, uning yakuniy qismi – raqib shohni «mot qilishi», uni ustidan g‘alaba qozonishi va uni «ag‘darishi» ularni ajablantirgan. Musulmon an’analariga ko‘ra esa, shohni asirga olish shart bo‘lgan strategiyaga asoslangan yakuniy natija ahamiyatli sanalgan. Shuningdek, ular reallikka mos qilib, ya’ni shoh, otliq, piyoda kabilar tushunarli bo‘lishi uchun shaxmat haykalchalarini ham o‘ylab topgan. Biroq piyodalarning taxta bo‘ylab yurishi chog‘ida malika bo‘la olishi mumkinligi musulmonlardan farqli o‘laroq nasroniylarda, yangi qiyinchilikni yuzaga keltirgan. Chunki, qirol bir necha xotinga emas, maslahatchiga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan. Shu bois ham, ular butun maydon yurib o‘tgan piyodalarni «damka» deb atagan va faqat bitta – qirol bilan juft bo‘lgan haykalcha, qirolicha bo‘lgan. Shuningdek, odatda graf, bayroqdor, yepiskop yoki masxarabozga ham aylana oladigan filning o‘rni o‘zgarib borgan.

Bularning barchasi shaxmat Sharqda paydo bo‘lgani va eng avvalo, o‘zbek xalqi ajdodlari shaxmat rivojiga salmoqli hissa qo‘shganini anglatadi. Shu tariqa shaxmat o‘yini Yevropada XVI asrga keliboq «zamonaviy qiyofa» kasb etdi.

Aholi, ayniqsa, yoshlarning shaxmatga bo‘lgan qiziqishi va muhabbati tufayli 1996 yil mart oyida O‘zbekiston milliy shaxmat federatsiyasi tashkil etildi. Ushbu tashkilot Xalqaro federatsiya, Osiyo shaxmat federatsiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a’zosi hisoblanadi. Bugungi kunda 168 ming nafardan ortiq yurtdoshimiz federatsiya a’zosi hisoblanadi.

O‘zbek shaxmatchisi, xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonov Xalqaro shaxmat federatsiyasi yo‘nalishida 2004 yilda jahon chempioni bo‘ldi. Hozirda u dunyoning eng kuchli shaxmatchilari safida.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 22 nafar xalqaro grossmeyster, jumladan, dunyoning eng yosh xalqaro grossmeysteri, 12 yoshli Nodirbek Abdusattorov, 4 nafar ayol grossmeyster, Xalqaro shaxmat federatsiyasining 24 nafar xalqaro shaxmat ustasi mavjud. O‘zbekiston xalqaro grossmeysterlarning aholi jon boshiga ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi.

O‘zbek xalqining qadimiy shaxmat an’analariga ko‘ra, asosan maktabgacha yoshdagi va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ushbu sport turiga tobora keng jalb etilmoqda. Shu bois, ular o‘z yosh toifasi bo‘yicha jahon chempionlari bo‘lmoqda.

FIDE (Xalqaro shaxmat federatsiyasi) prezidenti K.Ilyumjinov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining joriy yil 8-iyundagi konferensiyasida zamonaviy shaxmatning vatani aslida O‘zbekiston ekani, mamlakatimiz ushbu qadimiy intellektual o‘yinning dunyo va Markaziy Osiyoda yanada ommalashuviga katta hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring