Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Propiska» ochilsa, Toshkentdagi uy-joylar narxi oshib ketadimi?

«Propiska» ochilsa, Toshkentdagi uy-joylar narxi oshib ketadimi?

Toshkent rivojalana borarkan, narx-navo ham shunga yarasha oshib borishini taxmin qilish mumkin.

Foto: UZ24.uz

Har bir tanganing ikki tomoni bo‘ladi. Davlat dasturida Toshkent shahridan ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha boshqa viloyat ahliga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinishi ortidan ko‘plab fikr-mulohazalar, savollar tug‘ildi, ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu keng muhokama qilinmoqda.

Ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz. Ba’zi toshkentliklar yoki poytaxt propiskasiga egalar «Endi Toshkanni viloyatliklar bosib ketadi» degan haqoratomuz postlar ham qoldirdilarki, ularga nimanidir tushuntirish qiyin. Ammo bir jihatni hisobga olish lozim – dunyoning barcha mamlakatlarida yuqori natijalarga erishmoqchi bo‘lgan insonlar markazga intilishadi va o‘z salohiyatlarini namoyish etishga urinishadi. O‘z-o‘zidan poytaxtlar yoki yirik shaharlarda raqobat kuchayadi, faqat kuchlilargina yashab qola oladi. Hozirgi kunda ham xalqimiz orasida «Tosh shaharning noni qattiq» degan hazilomuz gap yuradi. Bu poytaxtimizda yashash uchun shunchaki havasning o‘zi kamlik qilishini anglatadi. Bir davlat fuqarolarini toifalarga ajratuvchi propiska tizimi esa mehnat bozorida ham, umuman hayotda ham notenglik muhitini yaratgandi. Shukurki, bu muammoga ham barham berilmoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi – propiska ochilsa, Toshkentdagi ko‘chmas mulk narxi oshib ketadimi? Biz mavzuga oydinlik kiritishga urindik va shu savol bilan soha mutaxassislariga murojaat qildik.

Kamoliddin Egamov, iqtisodchi, ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanadi:

— Narxlar keskin oshib ketadi deb o‘ylamayman. Buning bir necha sababi bor. Avvalo shuni unutmaylikki, kimga Toshkent shahridan turarjoy kerak bo‘lgan bo‘lsa, shu paytga qadar ham olib kelgan. Faqat kimningdir nomiga. Bu albatta noqulaychiliklar tug‘dirgan, lekin ilojsizlik odamlarni shunday yo‘l tutishga majbur qilgandi. Ikkinchidan, poytaxtdagi narx-navo shundoq ham boshqa viloyatlardagiga nisbatan qimmat, uning davlatning iqtisodiy o‘sishisiz, xaridorlar imkoniyati kengaymasdan o‘z-o‘zidan yanada oshishi imkonsiz. Va nihoyat uchinchidan, juda ko‘p yangi uy-joylar qurilmoqda, foydalanishga topshirilmoqda. Bu omil ham bozordagi tebranishlarning oldini oladi. Albatta, dastlab spekulyativ oshish bo‘lishi mumkin, ammo tez orada hammasi iziga tushadi. Hozirgi narxning o‘zi ham qimmat.

Olmos Abdullayev, ko‘chmas mulk brokeri:

— Narx oshish-oshmasligi bo‘yicha taxminlar odatda xato chiqadi. Narx oshmasligi mumkin, lekin notarial idoralardagi oldi-sotdi shartnomalari keskin oshishi, katta navbatlar hosil bo‘lishi tabiiy. Endi bevosita savolga kelsak – aynan propiska omili poytaxtdagi narxlarga keskin ta’sir qiladi deb o‘ylamayman. Birlamchi bozorda yangi qurilgan uylardan propiska olish imkoniyati bilan uylar sotila boshlanganda hamma yangi uylar narxi oshib, ikkilamchi bozor narxi tushib ketishini taxmin qilgandi. Amalda unday bo‘lmadi. U usul bilan juda kamchilik propiskaga kirdi. Ammo kelajakda Toshkent rivojalana borarkan, narx-navo ham shunga yarasha oshib borishini taxmin qilish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring