Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Propiska tizimi bekor bo‘lmaydi. Aksincha ayrim qoidalar yanada og‘irlashishi mumkin

Propiska tizimi bekor bo‘lmaydi. Aksincha ayrim qoidalar yanada og‘irlashishi mumkin

Foto: «Xabar.uz»

Koronavirus va karantin mayliku, lekin boshqa mavzular esdan chiqib qolmasin. Misol uchun, bugun ichki ishlar vazirligi propiskani soddalashtirishga oid qaror loyihasini e’lon qildi.

Ushbu qaror loyihasidan ko‘rinadiki, propiska bo‘yicha deyarli hech qanday yengilliklar berilmaydi, ikkilamchi bozordan uy sotib olishga ruxsat berilishini hisobga olmaganda.

Aksincha, oldingiga qaraganda ayrim og‘irlashtiruvchi bandlar taklif etilmoqda. Masalan:

Birinchidan, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va’da qilganidek, propiska tizimi bekor qilinib, uning o‘rniga ro‘yxatga olish tizimiga o‘tilmaydigan bo‘ldi. Propiska tizimi yana saqlab qolinadi! Qoyil, barakalla! SSSRdan qolgan Konstitutsiyaga zid tizimdan voz kechishga ko‘zlari qiymayapti mutasaddilarning.

Ikkinchidan, loyihaga binoan propiskasi yo‘q fuqarolar umumiy mulk sotib ololmaydi, ya’ni 2-3 kishi birlashib uy sotib olish taqiqlanadi. Bu esa Konstitutsiyadagi mulkdor bo‘lish huquqining qo‘pol ravishda buzilishidir!

Uchinchidan, yana bir og‘irlashtiruvchi band – nikohga taalluqli. Loyihaga ko‘ra, doimiy propiska qilingandan so‘ng 3 yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda, er (xotin) Toshkent shahri va Toshkent viloyatida olingan doimiy propiskasini yo‘qotadi. Ilgari 1 yil ichida bekor qilinsa, propiskani yo‘qotardi. Endi ushbu muddatni uzaytirishib, xalqqa yanada og‘irroq shartlarni kiritishmoqchi.

To‘rtinchidan, Toshkentda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan yurish muddati 10 kunligicha saqlab qolinmoqda. 1 oy yoki undan ortiq muddatni kutganlar chuchvarani xom sanabdi! Ayrim xorijiy davlat fuqarolari O‘zbekistonda 30 kungacha viza olmasdan yurishi mumkin, lekin O‘zbekiston fuqarolari Toshkentda 10 kundan ortiq ro‘yxatdan o‘tmasdan yura olmaydi.

Beshinchidan, loyiha muhokamasi 31-martga qadar ekan. Bundan chiqadiki, Prezident farmonida belgilanganidek, 1-apreldan boshlab ikkilamchi bozordan uy sotib olishga ruxsat berilishiga ishonish qiyin. Bu muddatga ulgura olishmasa kerak.

Xullas, faqatgina ikkilamchi bozordan uy olishga ruxsat berib, qolgan qoidalarni yanada og‘irlashtirib, xalqni ko‘ziga xuddiki propiskani soddalashtirganday, katta bir islohot qilganday ko‘rsatishmoqchi.

Yana bir bor barakalla Sizlarga! Umringizdan baraka toping...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring