Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qachon odam bo‘lamiz?

Qachon odam bo‘lamiz?

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi 2018-yilning 21-aprel kuni ertalab 07:40 da Qozog‘istonning Jambul viloyatida ro‘y bergan avtohalokatda halok bo‘lganlar va jabrlanganlar ro‘yxatini e’lon qildi. Mikroavtobusda 19 kishi bo‘lib, ularning 17 nafari O‘zbekiston, 2 nafari Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan.

Bu nima degani, bilasizlarmi?

Bu — «Sizlar ming marta yozinglar, million marta ogohlantiringlar, bizga bir tiyin, biz baribir avtobuslarga minib, Rossiyaga qatnayveramiz, so‘nggi kallavaram avtobusda yonib ketmaguncha jonimizni ana shu avtobuslarning haydovchilari qo‘liga topshiraveramiz!» degani.

Bu — «O‘zbekiston hukumati samolyotlarning chipta narxini avtobusning chipta narxidan arzon qilib qo‘ysa ham biz qozoqlar boshqaradigan avtobuslarga chiqaveramiz!» degani.

Bu — «O‘zbekiston prezidenti o‘zimizning mamlakatimizdan Rossiyaga qatnaydigan yangi, ishonchli avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘ysa ham, biz baribir qozoqlarning avtobuslarida qatnayveramiz, o‘zimizning avtobuslarga, o‘zimizning haydovchilarga emas, qozoqlarning avtobusiga, ularning haydovchilariga ishonamiz!» degani.

Sabab bitta — arzon! Lekin odamning jonidan ham arzonmi?! Bir hafta sovuqda tiqilib borish, hayotni xavfga qo‘yish ortidan tejalgan pul qaytganda bitta bema’ni ziyofatga sarflanmayaptimi?!

Bu nimaga o‘xshaydi, bilasizlarmi?

Bu poyezd yo‘li yoqasida o‘tlab yurgan qo‘ylar haqidagi multfilmni eslatadi. Eslaysizmi, poyezd kelib qolganda u bilan baravar chopa boshlagan qo‘ylarning eng oldindagisi poyezd yo‘lini kesib o‘tadi. Parovoz uni qiymalab tashlaydi. Keyin ikkinchi qo‘y poyezd oldini kesib o‘tadi. Parovoz uni ham burdalab tashlaydi. Keyin uchinchisi, to‘rtinchisi, xullas, hammasini ko‘rib kelayotgan eng oxirgi qo‘y ham poyezning oldidan o‘tadi va uni ham poyezd burdalab tashlaydi.

Ular qo‘y edi.

Ey, vatandosh! Sen qo‘y emassan-ku?

Ko‘zingni och!

So‘nggi «gastarbayter» avtobusda yonib ketguncha almisoqdan qolgan avtobuslarga chiqaverasanmi?

Eshakday ishlading, odamday kelsang bo‘lmaydimi oilang bag‘riga? Nahotki, shuncha ishlab, bitta samolyot chiptasiga pul orttirolmagan bo‘lsang?

Unda qum yeysanmi Rossiyaga borib?

Shunchalar iching achimaydimi joningga? Joning shunchalar arzonmi?

Siz bilmaysiz!

— Siz bilmaysiz, bular ana shu shaltoq avtobuslarning yukxonasiga o‘ris chiqarib tashlagan eski televizor bormi, buzuq velosiped bormi, bolasining aravachasi bormi, hammasini ortib olishadi, — deydi Rossiyadan avtobusda kelgan bir tanishim. — Payvandlash apparatini ortib olgan odamlarni, hatto bosqon va kirkalarni ortgan odamlarni ko‘rdim.

Ey, vatandosh! Kuning o‘risning chiqindixonaga tashlagan narsalariga qolganmi?

Joningni jabborga berib, shuncha ishlaganingdan keyin bola-chaqang uchun bosqon emas, konfet olib, ayolingga, onangga buzuq televizor emas, o‘risning ro‘molidan bittadan olib, samolyotga o‘tirib, odamday kelsang bo‘lmaydimi?

Kelganingdan keyin o‘rtoqlaring bilan bir kunda ichib yuboradigan arog‘ingning puliga samolyotning «ekonom klass»i emas, «biznes klass»iga chipta beradi-ku?

Kelganingdan keyin kamida Ozodbekni olib kelib qiladigan to‘yingga sarflagan pulingga samolyotning o‘zini beradi-ku?

Bunchalar joningni arzon sotasan?

Mamlakat aza tutgandi

52 yigit qozoqning avtobusida yonib ketganida bir mamlakat aza tutdi. Qanchalar kuyib-yonib maqolalar yozdik. O‘zbekiston Prezidenti o‘zini aybdor his qilib, choralar ko‘rdi, samolyot chiptalarining narxini arzonlashtirish haqida farmoyish berdi.

Ko‘p o‘tmay, bunaqa fojialar takror-takror sodir bo‘laverdi. Hammasining ssenariysi bir xil: elliktalab o‘zbek jabrlanaveradi, ikkita qozoq haydovchisi omon qolaveradi. Xuddi bizning ustimizdan kulgandek!

Mana endi bu fojia!

Biz kimmiz o‘zi?

Bizga nima bo‘lgan, ey, vatandoshlar?

Biz qachon xalq bo‘lamiz?

Biz qachon millat bo‘lamiz?

Biz qachon munosib odam bo‘lamiz?

Qachon ongimiz, aqlimiz, kallamiz ishlaydi?

Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri

Izohlar 4

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring