Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qahramon o‘g‘ilni hamon kutayotgan mushtipar ona haqida mungli hikoya

Qahramon o‘g‘ilni hamon kutayotgan mushtipar ona haqida mungli hikoya

U yoshligida uchuvchi bo‘lishni orzu qilardi...

Foto: Sohib Egamov

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «UZMOBILE» milliy aloqa operatori bilan hamkorlikda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tanlov e’lon qilgani haqida xabar bergan edik.

Tanlovning 4-yo‘nalishi, ya’ni fototanlovga bir yurtdoshimizdan kelib tushgan surat, to‘g‘rirog‘i, unga berilgan izoh bizni ta’sirlantirdi. Shu bois uni o‘quvchilarimiz bilan bo‘lishgimiz keldi.

«Yozilayotgan ushbu so‘zlarni bayram tabrigi emas, men qoldirayotgan ushbu rasmning qaydarajada qadrli ekaniga izoh deb qabul qilasiz. Ushbu izohsiz tanlovda men tomonimdan qo‘yilayotgan rasm eng oddiysi bo‘lib qoladi.

Munisxon Ashirova bilan

Rasmdagi onaxonning ismlari Munisxon aya Ashirova. Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani, Xalqobod qo‘rg‘onida yashaydilar. Bu ma’lumotni o‘qib ham oddiy rasm deyapsiz, a?

Rasmdagi ayol Shermuhammad Ashirovning onasi. U ayolni hamma biladi, hamma hurmat qiladi. Haliyam fikringiz o‘zgarmadimi?

Rasmdagi onaxon 2000-yil 19-avgust sanasida endigina 25 yoshga to‘lgan, navqiron o‘g‘lini tuproqqa qo‘ygan onaxon. Yana ham aniqrog‘i, o‘g‘lining tanasini emas, uning kuyib kulga aylangan tuprog‘ini qabrga qo‘ygan ayol...

Unga ko‘p ta’rif berish mumkin. Yaxshisi, sizga bir voqeani so‘zlab beray, ta’rifni o‘zingiz berasiz.

2000-yil Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumaniga bir guruh jangari terroristlar hujum qiladi. Vatan uchun xizmatga shay bo‘lgan Shermuhammad Ashirov va uning quroldosh do‘stlari Vatan oldidagi burchini bajarish va o‘z Vatanini himoya qilish uchun ularga qarshi jangga kirishadi. Tog‘ tepasiga yashirinib olgan va o‘sha yerda qo‘nim topgan jangarilar haqida ma’lumotni olgan 18 askar harbiy vertolyotga chiqib, ularga hujum qilishga otlanadi. Yigitlarimizga yo‘l ko‘rsatadigan «yo‘lboshchi» ham «tayyor»: odam qadami yetmagan joylarga yashiringan jangarilarni eshagi bilan birga non va yeguliklar bilan «ta’minlab» turgan sotqin qariya. Vertolyotni Shermuhammad Ashirov boshqaradi va havoga ko‘tarilib, qariyani kuzata boshlashadi.

Jangarilar vertolyotning o‘zlariga yaqinlashayotganini ko‘rib, unga hujumga o‘tishadi va vertolyotni nishonga olishadi: havodagi vertolyotning  orqa parragiga o‘q kelib tegadi. Vertolyot toqqa qulay boshlaydi. Vaziyatni tushunib turgan Shermuhammad Ashirov, o‘zi bilan birga bo‘lgan quroldoshlarining barchasini vertolyotdan parashyutda sakrashlarini so‘raydi va o‘zi vertolyotni boshqarib turib, eng oxirgi bo‘lib sakrashini aytadi. Pastdan dushman hujumi davom etmoqda.  18 harbiy sakraguncha, vertolyot qoyaga yaqinlashib qoladi va Shermuhammad eng oxirida qolib ketgan texnik xodimga ham sakrashini aytadi. Qoyaga bir necha metrlar qolganida, texnik xodim sakraydi. Vertolyotdagilarning barchasi sakrab bo‘lganiga ishonch hosil qilgan Shermuhammad Ashirov sakrash uchun harakat qiladi. O‘rnidan turmoqchi bo‘lganida, oyog‘i vertolyotning qaysidir qismida qisilib qoladi va oyog‘ini chiqarish uchun harakat qiladi, lekin afsuski kuchi yetmaydi...

Shermuhammad Ashirov

Qutqaruvchilar yetib kelganida vertolyot qoyaga urilib, jarlikka qulagan edi. Shermuhammad Ashirov dushman tomonidan otilgan o‘qlar sabab kabinada qolib ketgan va vertolyotda chiqqan yong‘in sabab tanasi kulga aylangan edi. 2000-yil 19-avgustda Munisxon ayaga farzandining vafoti xabarini yetkazishadi...

Mana o‘n yetti yildirki, onaxon uyidan harbiy libosda chiqib ketgan o‘g‘lini kutadi. Mana o‘n yetti yildirki, farzandi vafot etgan vaqtida undan ortda qolgan, lekin otasini ko‘rishga ulgurmagan o‘sha paytdagi bir yarim yoshli qizaloq — bugun 19 yoshga kirgan o‘g‘liga quyib qo‘yganday o‘xshaydigan nabirasi bilan ovunib kenjatoyini kutadi.

Ha, suratdagi mening yonimda turgan ona — Qahramon ona, Matonatli ona! O‘g‘lining vafot etgani haqida xabar kelganiga 17 yil bo‘lgan bo‘lsa ham, haligacha o‘g‘lining kelishini kutayotgan ona! Ko‘chadan uni yo‘qlab yoki o‘g‘lini xotirlab keladigan har qanday insonni «O‘g‘lim!» deb quchoq ochib kutadigan, o‘sha mehmondan o‘g‘lining sifatlarini izlayotgan ona!

U hamisha duoda...

Ha, Munisxon aya rasmdagi men qo‘limda portretini ushlab turgan alpqomatli yigitni dunyoga keltirib, millat qahramoni qilib tarbiyalaganu bugun o‘g‘lini kutaverib dard chekib, cho‘kib, hassaga tayanib qolgan ona!

Garchi uchuvchiligi sabab vafot etgan bo‘lsa-da, o‘g‘lining 3-4 yoshlarida uchuvchining bosh kiyimida suratga tushganini ko‘rsatib: «Yoshligidan uchuvchi bo‘lishni xohlardi» deb ko‘zida yosh, ichida alam bilan maqtanib qo‘yayotgan ona!

Bugun onaxon bilan ko‘rishib, farzandlarini xotirlab, xayrlashar ekanman, Munisxon ayaning ko‘zlarida yosh bilan hassaga tayanib aytgan bir gaplari miyamga o‘rnashib qoldi. Garchi bu so‘zlarni avval ham ko‘p eshitgan bo‘lsamda, bugun o‘sha gapga ko‘proq e’tibor qaratdim: «Onaga farzand dog‘ini ko‘rsatmasin ekan!»

Sohib Egamov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring