Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoda prezident tashabbusi bilan o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari aniqlandi

Qashqadaryoda prezident tashabbusi bilan o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari aniqlandi

Qashqadaryoda viloyat ko‘rik-tanlovining 45 nafar finalchisi «Muhabbat bahori» yangi filmi premerasidan ilhomlanib, o‘zlari yoqtirgan kino qahramoni haqida insho yozdi.

Qashqadaryo viloyatida taniqli kinoijodkorlar, madaniyat arboblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Umumta’lim maktablari o‘quvchilariga «Muhabbat bahori» filmi namoyish etildi, so‘ngra «Kino qahramonlaridan o‘rnak olamiz» shiori ostida insholar tanlovi o‘tkazildi.

Bugun Qarshi yoshlar markazida tanlovning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir haqida Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov batafsil ma’lumot berdi.

«Maktab o‘quvchilari o‘rtasida filmlar namoyishi va insholar tanlovini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli. Bugun ushbu g‘oya hayotga tatbiq etildi. Mazkur tanlov Qashqadaryo viloyatida 1204 umumta’lim maktabining 169 ming 518 nafar o‘quvchini qamrab oldi. Bugun esa tanlov doirasida maktab o‘quvchilariga yurtimizning buyuk shaxslari haqida turli filmlar namoyish etildi. Tanlov finalida 45 nafar eng yaxshi maktab o‘quvchilari ishtirok etmoqda. Shuningdek, bugun O‘zbekiston xalqining suyukli shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiyaning hayoti, ijodi, o‘zaro muhabbati va sadoqati haqidagi filmning premerasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu tanlovni yuqori saviyada tashkil etgani uchun hamkorlarimiz – Xalq ta’limi vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti adminstratsiyasiga minnatdorchilik bildiramiz», — deya izoh berdi Firdavs Abduxoliqov.

Qayd etish lozimki, Ibrohim Rasulovning «Muhabbat bahori» filmi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan. Film O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya va jamoat arbobi, yozuvchi Hamid Olimjon hayoti va ijodiga bag‘ishlangan.

«Ushbu filmni suratga olayotganimda uni birinchi navbatda maktab o‘quvchilari ko‘rishi lozimligini bilardim va premerani birinchi bo‘lib maktab o‘quvchilari ko‘rganidan juda xursandman. Bu men uchun rejissyor sifatida katta sovg‘a bo‘ldi», – dedi film rejissyori Ibrohim Rasulov.

Bolalar filmni tomosha qilgandan so‘ng o‘z taassurotlarini insho shaklida yozib berdilar. Hakamlar hay’ati eng yaxshi ishlarni aniqladi. G‘olib o‘quvchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, barcha ishtirokchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

«O‘quvchilar tomonidan ko‘plab insholar yoziladi, ammo bu galgi tanlov ular uchun g‘ayrioddiy va esda qolarli bo‘ldi. O‘zbekistonning buyuk shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya ijodini o‘rganish maktab o‘quv dasturiga kiritilgan va bu borada filmlar tomosha qilish, insholar yozish bolalarning dunyoqarashini kengaytirishiga ishonchimiz komil. O‘ylaymanki, bu kabi tashabbuslar ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir qiladi», – dedi Xalq ta’limi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova.

Tanlov finaliga qadar 45 nafar o‘quvchi yetib keldi. Ularning barchasiga «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumiga oid kitoblar sovg‘a sifatida taqdim etildi. Barcha sovrinli o‘rinlarni qizlar qo‘lga kiritgani ham e’tiborga molik. Birinchi o‘rin Sevinch O‘ktamovaga, ikkinchi o‘rin Nilufar Xushmurodovaga, faxrli uchinchi o‘rin esa Sevinch Yaxshiyevaga nasib etdi.

Insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi tantanali ruhda o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Nodir Xolbo‘tayev, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Xalq ta’limi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova ishtirok etdi. Ular tomonidan g‘oliblarga sovg‘alar topshirildi.

Tanlov g‘olibi, Shahrisabz tumanidagi 24-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Sevinch O‘ktamova tadbir haqidagi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring