Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qat’iyan man etiladi! Dispetcherlar, uchuvchilar, haydovchilar va... sarimsoqpiyoz haqida

Qat’iyan man etiladi! Dispetcherlar, uchuvchilar, haydovchilar va... sarimsoqpiyoz haqida

Parvozga shaylanayotgan uchuvchiga, uzoq safarga otlanayotgan haydovchiga, smenaga endi kelgan aviakompaniya dispetcheriga sarimsoqpiyoz yeyish qat’iyan man etiladi. Negaligini bilasizmi? Chunki sarimsoqpiyoz miya hujayralariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, sezgirlikni uch baravar pasaytiradi.

Buni amerikalik professor Robert Bek o‘tgan asrning oxirlaridayoq isbotlab qo‘ygan. Uning tadqiqotiga ko‘ra, sarimsoq tarkibida sulfanil-gidroksil ioni bo‘lib, bu moddaning sut emizuvchilar miyasiga ta’siri zaharlashdek gap. Darvoqe, olimlar shuning uchun ham keksa yoshdagi kishilarga sarimsoqni kamroq yeyishni maslahat berishadi. Chunki u to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarilikka oid aqli zaiflikka olib kelishi mumkin.

Gripp yoki O‘RVI epidemiyasi davrida hammaning xayoliga, birinchi navbatda, sarimsoq keladi. U chindan ham viruslarga qiron keltirishga qodir. Biroq ishni chala qoldirishga odatlanmagan odamlar sarimsoq bilan davolanishga astoydil kirishib, uni ertalabdan-kechgacha, hatto kilolab yeyishga tushishadi. Oqibatda — oshqozon yarasi orttirib olinadi. Bularning bari sarimsoq «sharofati» bilan. U viruslarga qiron keltirgani kabi me’da shilliq qavatini ham biryoqli qiladi.

Sarimsoqning antitrombotsitar xususiyati esa yaqinginada kashf etilgan. Biroq xalq tabobatida ular allaqachon ma’lum-u mashhur bo‘lgan. Sarimsoqpiyoz chindan ham qonni suyultirib, tromblar hosil bo‘lishining oldini oladi. Biroq oshqozon yoki o‘n ikki barmoq ichak yarasi kabi kasalliklarda sarimsoq iste’moli inson hayotini jiddiy xavf ostida qoldirishi mumkin. Yara bo‘lganda sarimsoq ichdan qon ketishiga, bu esa oxir-oqibat o‘limga olib kelishi hech gap emas.

Xuddi shu xususiyati yurak-qon tomir tizimiga, ayniqsa, shu darddan qiynalayotganlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ko‘p miqdordagi sarimsoq qonni shu darajada haydaydiki, odamning boshi og‘rishi, boshi aylanishi, ko‘ngli aynishi, aritmiya, taxikardiya kelib chiqishi mumkin. Tibbiy adabiyotlarda hatto bo‘g‘ilish holati ham qayd etilgan.

Bizning ehtiyotkor xalqimiz o‘zi foydali deb bilgan har qanday vositani g‘amlab qo‘yish usullarini o‘ylab topadi. Sarimsoqpiyoz ham shular jumlasidan. Ko‘pchilik sarimsoq ustidan o‘simlik yog‘i quyib saqlaydi: shu yo‘l bilan ham sarimsoqni saqlashga, ham oshqozonga tajovuzkor ta’sirini yumshatishga urinadi. Agar u sovitkichda saqlansa bir navi. Lekin xona haroratida saqlansa, yanada og‘irroq kasalliklarni orttirib olish hech gap emas.

Bakteriolog-olim Aleksandr Fleming sharofati bilan 1928-yili antibiotiklar kashf etildi. Biroq xuddi shu vaqtda Moskva universiteti talabasi Boris Tokin tabiiy antibiotikni ixtiro qildi. U sarimsoqni o‘rganib, unda oddiy tanachalarni o‘ldiruvchi moddani aniqladi. Talaba ularni fitonsidlar deb atadi.

Sarimsoq fitonsidlari tarkibida oltingugurtli organik birikmalar mavjud. Xona haroratida bu birikmalar anaerob bakteriyalar uchun ozuqaviy muhitga aylanadi va botulizm kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi. U ovqatdan zaharlanish (intoksikatsiyasi)ni chaqiradi, nerv tizimiga zarar yetkazadi. Ayrim hollarda o‘limga ham olib kelishi mumkin.

Darvoqe, aynan sarimsoq va piyoz tarkibidagi organik birikmalar Nyu-York shtati Olbani universiteti fan nomzodi Erik Blok tomonidan bu sabzavotlarning porox bilan yonma-yon qo‘ya oladigan kuchli kimyoviy qurol deb atalishiga sabab bo‘lgan. U o‘zining Qirollik kimyo jamiyatida chop etilgan sarimsoqpiyozning xususiyatlari haqidagi kitobida Afg‘oniston shimoli, Markaziy Osiyo hududlarida piyoz va sarimsoq asosida eksperimental himoya qiluvchi kimyoviy qurol ishlab chiqaruvchi maxsus zavodlar paydo bo‘lganligi haqida hikoya qiladi. Erikning so‘zlariga ko‘ra, u mikroblarni o‘ldiradi, hasharotlarni haydaydi, yana it va mushuklarning qizil qon hujayralarini zararlaydi. To‘g‘ri, olimlar orasida undan boshqa hech kim bunday qurol haqida eslamaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring