Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qog‘ozda zo‘r, hayotda... qani, borib ko‘r!

Qog‘ozda zo‘r, hayotda... qani, borib ko‘r!

Illyustrativ surat

Odatdagi dahmaza: qishloq joylarida gaz-ballon muammosi. Navbatdagi mushtariy ham ayni shu masalada yordam so‘rab, qo‘ng‘iroq qildi. Buyam murojaatning bir shakli. Zero: «Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin. Arizalar, takliflar va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblanadi.  Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat’i nazar, bir xil ahamiyatga ega bo‘ladi» («Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun, 5-modda).

Ushbu murojaat sabab 29-noyabr kuni «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining «Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi»ga bordim. Eshik yonida turgan yigitga o‘zimni tanishtirdim.  So‘ng unga vaziyatni tushuntirdim: S.M. ismli  fuqaro  shikoyat qilgan ekan, deb uning murojaati nechanchi raqam ostida yozib qo‘yilganigacha aytib, natijasi haqida so‘radim. O‘zini tanishtirmagan, ammo o‘sha yerda ishlaydigan yigit uning arizasiga kelgan javoblarni tezda topib ko‘rsatdi. Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filialining boshliq o‘rinbosari A.Xarinov «Maishiy gaz ballon berish shartnomasi tuzilgan va ta’minlangan» deya javob xatini arizachiga va «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatiga jo‘natgan ekan. Biroq u yoqda arizachi hanuzgacha tuman gaz ta’minotiga hujjatlarini topshirib qo‘ygan bo‘lsa-da, gaz ballon bermayotganligidan nolib o‘tiribdi... Ayon bo‘ldiki, A.Xarinov bu yoqda rahbar tashkilotni, u yoqda fuqaroni  aldab, yolg‘on axborot bergan ekan!

Yigitdan mazkur javob xatidan bir nusxa berishini so‘radim. Yigit  devorga osilgan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunga ishora qilib, uning 19-20-21-moddalariga asosan javob-xatdan nusxa berolmasligini, buning uchun rasmiy xat qilib kelishimni ta’kidladi. Nega? Tartibi shunaqami?

19-moddani o‘qiymiz: «Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek davlat sirini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning va, agar bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborotning davlat organlari, tashkilotlar xodimlari va ular mansabdor shaxslari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxs to‘g‘risidagi, murojaatga taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Jismoniy shaxsning iltimosiga ko‘ra uning shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kerak».

Bu yerda hech qanday davlat siri yo‘q-ku! Yoki men so‘rayotgan javob xati kimning erkinligi yoki huquqiga daxl qilishi mumkin? Ajab...

Endi 20-moddani ko‘raylik: «Jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a’zolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila a’zolarini ular o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga murojaat etganligi, shuningdek murojaatlarda o‘z fikrini bildirganligi va tanqid qilganligi munosabati bilan ta’qib etish man etiladi».

Bu yerda hech kim biror kishini ta’qib etayotgani yo‘q! Muammoga oydinlik kiritmoqchi, xolos! 21-moddaniyam ko‘rib chiqdim. Biroq shu moddada ham jurnalist faoliyatiga taalluqli biror-bir jumlani ko‘rmadim.

Men yigitga «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni (5-modda) pesh qildim. Chunki unda  jurnalist faoliyati jarayonida  axborotni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish kabi qator huquqlarga ega ekani aniq-tiniq belgilab qo‘yilgan-da. Biroq ta’sir etsa, qani?! «Men jurnalistman. Sizga og‘zaki murojaat qilyapman. Og‘zaki murojaat ham yozma bilan baravar ahamiyatga ega», desam ham pinagini buzmadi. Unga gap uqtirish befoyda edi. Chunki murojaatlar bilan ishlash bo‘limining mas’uli bo‘lishiga qaramay kimligini aytmagan insondan nimani kutish mumkin? Men undan qonunan taqiqlangan ma’lumotni so‘ramadim-ku?! Shunchaki fuqaroga berilgan javob xatidan nusxa olmoqchi edim. Javobki, quruq gap, yolg‘on ma’lumotdan iborat!

Javob xatida tizimdagi ko‘zbo‘yamachilikning kichik qirrasi aks etganini kim bilmaydi, deysiz? Tumanlarda gaz ballon ololmay sarson-sargardon bo‘layotganlarni-chi?! Mutasaddilar real voqelikdan ko‘ra, jimjimador hisoblarga to‘la qog‘ozga ishonishadi! Qog‘oz esa nimalarni ko‘tarmaydi, deysiz. Balki, shu bois oddiy xatdan nusxa berishga cho‘chib, turli vaj-karsonlar ko‘rsatgandir «O‘ztransgaz»ning fuqarolar bilan ishlash bo‘limidagi o‘zini tanishtirmagan yigit?!

Xonbibi Himmat qizi,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring