Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi: «Qon bosimining oshishi ko‘proq yoshlarda uchramoqda»

Sog‘liqni saqlash vazirligi: «Qon bosimining oshishi ko‘proq yoshlarda uchramoqda»

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Joriy yilning 27 iyul kuni mamlakatimiz bo‘ylab «Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat» shiori ostida ommaviy tadbir o‘tkazildi. 

Jumladan, poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «Central park» bog‘ida ham oilalar o‘rtasida ommaviy gimnastika va 5 kilometrga faol yurish mashqlari bilan bir qatorda, oilaviy musobaqalar ham uyushtirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining qayd etishicha, dunyo miqyosida qon bosimining oshishi ko‘proq yoshlarda uchramoqda, odamlar yurak-tomir, nafas olish organlari, diabet, saraton kasalliklari bilan ko‘proq og‘rimoqda. Ushbu yuqumli bo‘lmagan xastaliklar kelib chiqishining eng asosiy omillaridan biri sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslikdir.

Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar butun dunyoda o‘lim holatlarining asosiy sababchisi hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda dunyo bo‘yicha 40 million o‘lim holati yuqumli bo‘lmagan kasalliklar tufayli yuz bergan bo‘lib, bu barcha o‘limning 70 foizini tashkil etadi. O‘lim holatlarining anchagina qismi (dunyo bo‘yicha barcha o‘limning 27 foizi, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning esa 38 foizi) barvaqt, ya’ni 30 yoshdan 70 yoshgacha ro‘y bergan. Achinarlisi, kelgusida dunyoda bu kasalliklardan vafot etganlar sonining yanada ko‘payishi kutilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, sog‘lom turmush tarzi rioya etilsa, 80 foiz yurak- qon tomir, qandli diabetning 2 turi va 40 foiz o‘sma kasalliklarining oldini olish mumkin ekan.

«Xo‘sh, nima uchun odamlar yoshligidan yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalinmoqda? Sababi texnologiyalarning rivojlanishi, turmush tarzining o‘zgarishi bilan odamlarning harakatlanishi va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishi kamaydi, chekadigan va spirtli ichimlik ichadigan insonlar ko‘paydi, tarkibida yog‘, qand va tuz miqdori yuqori bo‘lgan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli ko‘paydi. Shuningdek, aholining ovqatlanish odatlari o‘zgardi, jumladan, sabzavot va mevalarni yetarli iste’mol qilmaslik, tuzni me’yordan ortiq iste’mol qilish holatlari ham ko‘paydi. Bu esa o‘z navbatida, turmush tarzining o‘zgarishi, tana vaznining ortishi, semizlik, qonda xolesterin miqdorining oshishi va oqibatda, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda»,-deyiladi vazirlik xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring