Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘pol xatolik: Farg‘onada «ayol»ni «erkak»ka aylantirishdi

Qo‘pol xatolik: Farg‘onada «ayol»ni «erkak»ka aylantirishdi

Foto: O‘zA

Pasportning «jinsi» deb yozilgan joyida tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi mutasaddilarining beparvoligi va e’tiborsizligi sababli go‘yo kichik yanglishmovchilik yuz berdi. Jinsi «ayol» deb yozilishi o‘rniga «erkak» so‘zi ketib qolgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, respublika ishchi guruhi Qo‘shtepa tumanidagi «Loyson» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1955-yil 27-mayda tug‘ilgan Xosiyatxon Hakimovaning xonadoniga kirganida onaxon fuqarolik pasporti sababli juda noqulay ahvolga tushganini yashirmagan. Unga biometrik fuqarolik pasporti 2017-yil 19-aprelda №AV 6618042 sonli raqam bilan berilgan. Yangi pasport olganidan onaxon pasportni tekshirmasdan, uyga shoshgan. Kelini qiziqish bilan unga qarar ekan, xatolikni ko‘rib qolgan.

Yaqinda 63 yoshga kirgan onaxon bir yildan ortiq vaqt davomida sarsonu sargardon bo‘ldi. Pasportimdagi yozuvlarni to‘g‘rilab beringlar, deb ertasi kuniyoq qilgan murojaati qachonki yangi pasport olish uchun to‘lanadigan boj, ya’ni 65 ming so‘m to‘lovni qayta amalga oshirgach, bajarilishi aytildi.

– Soddalik qilibmiz-da, bolam. Ko‘z qurg‘ur ham «zreniyasi» pasaygan, ochganim bilan o‘qiy olmayman-da. 3 ta farzandim bor edi. Bir o‘g‘lim 2003-yilda 25 yoshida qazo qilgan. Undan bitta nevaram yodgor qoldi. Ikkinchi farzandim Sobirjon Hakimov 44 yoshda edi. Pasport olayotgan kunlarim qazo qilib qoldi. 4 ta bolasi bilan kelinim beva bo‘ldi. Xarajatlar katta bo‘lib ketdi, bolajonim. Yana to‘lov qilasizlar, deyishganida pulim yo‘q edi. Keyin kimlardir jarima ham to‘laysiz, deganiga qo‘rqib bormay yuraveribman-da, — dedi X.Hakimova.

«Bunday qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘yish uyat emasmi?! Ustga-ustak, nega xatolikning tovonini onaxondan undirishga harakat qilishdi?», deyiladi xabarda.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida fuqaro X.Hakimova pasportini qayta olish choralari ko‘rildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring